Uyqusiragan ko‘zlar, gul ko‘targan mitti qo‘llar. “Birinchi qo‘ng‘iroq”dan fotoreportaj
Jamiyat
−
04 Sentabr
5611Bugun, 4 sentyabr – O‘zbekistondagi maktablarda 2024-2025 o‘quv yilining ilk kuni. Erta tongdan qo‘lida gul ko‘targan, oq-qora forma kiygan o‘quvchilarni har yerda uchratish mumkin. Bugungi kun, ayniqsa, joriy yilda birinchi sinfga ilk marotaba qadam qo‘ygan o‘quvchilar uchun hayajonlidir. QALAMPIR.UZ maktablarda bo‘lib o‘tgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiridan fotoreportajni e’tiboringizga havola etadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2024-2025 o‘quv yilida 700 mingdan ortiq bolalar 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Ayni vaqtda respublikada 10 182 ta umumta’lim maktablari mavjud. Ularda 6,4 milliondan ortiq o‘quvchilar ta’lim oladi.
Bugun ilk marotaba birinchi sinfga qadam qo‘ygan o‘quvchilarga Prezident sovg‘alari ham topshirildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamovaning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda Prezident sovg‘asi tarkibiga kiruvchi maktab sumkasining dizayniga alohida e’tibor berilgan.
Chunki sinflardagi o‘g‘il va qiz bolalar sonidagi farq tufayli ba’zida o‘g‘il bolalarga qizil, qiz bolalarga esa ko‘k sumkalar berilardi.
Shuningdek, bu yil “Prezident sovg‘asi” tarkibidagi o‘quv qurollari ham alohida ko‘rib chiqilgan. Jumladan, joriy yil o‘quv qurollari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- o‘quvchi sumkasi;
- 12 dona daftar;
- rasm daftari;
- akvarel bo‘yoqlari;
- qalamdon;
- sharikli ruchka;
- rangli qalam;
- 2 dona oddiy qalam;
- plastilin;
- yelim;
- 2 dona o‘chirg‘ich.
Ushbu o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonida vazirlik tarkibida maxsus elektron baza shakllantirilgan bo‘lib, “Prezident sovg‘a”lari ushbu bazaga kiritilgan o‘quvchilar soniga mos ravishda tayyorlangan.
QALAMPIR.UZ jamoasi joriy yilda birinchi sinfga qadam qo‘ygan o‘quvchilarga omad tilaydi.
LiveBarchasi