Bir tovush – turli his yoxud “Birinchi qo‘ng‘iroq” chalindi
Tahlil
−
02 sentabr 421 5 daqiqa
Aniq bilaman, siz ham bundan 5–10, balki 20 yil avval jussangizdan biroz katta, o‘sha paytda siz uchun og‘ir lekin qadrli bo‘lgan ilk sumkangizni ko‘tarib, ilk bor forma kiyib, 1-sinfni hayajon bilan boshlagansiz. O‘sha paytdagi hislar, umringizning eng unutilmas xotiralari boshlangan kunga Yangi yo‘l tumanidagi 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi misolida bugun birga qaytamiz.
Bir necha yillik bog‘cha ta’limini ortda qoldirgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘ydi. Mitti qo‘llarning biri ota-onalarning qo‘lidan mahkam tutgan bo‘lsa, ikkinchisida birinchi ustozlari uchun atalgan gullar bor. Erta tongdan 2019 yilda tug‘ilgan farzandini maktabga olib kelayotgan ota-onalar 1-sinf o‘quvchilaridan ko‘proq hayajonda. Buni ularning ko‘zlaridan, harakatlaridan va so‘zlaridan bilish qiyin emas.
“Kechqurun uxlay olmadim, kechadan hayajon bosdi. Farzandim bir pastda ulg‘ayib qolgandek. Ertalabdan beri yig‘layapman. Bolam birinchi sinfga chiqdi, Xudoga shukur. Yaxshi o‘qib, Vatanimizga, oilamizga foydali, manfaatli inson bo‘lib yetishsin. Vaqt juda tez o‘tib ketdi, bugun shuni his qildim”, deydi o‘g‘lini birinchi sinfga olib kelgan onalardan biri.
Yana bir ona esa o‘z hissiyotlarini quyidagicha ifodaladi:
“Juda hayajonlandim. Avval qizim ham maktabga chiqqandi, lekin bugun baribir hayajon bosdi. Endi birinchi sinfga chiqarib oldik, buyog‘iga eplab ketadi degan umiddaman, yaxshi-yaxshi baholarga o‘qishsin. Farzandim tez katta bo‘ldi. Qanday katta bo‘lib qolganini bilmay qoldim. Hali ham ishonmayapman o‘g‘limning birinchi sinfga chiqqaniga”.
“Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiriga nafaqat ota-onalari bilan, balki buvisi bilan kelganlar ham bor. Nabirasini maktabga olib kelgan buvijon shunday fikr bildirdi:
“Birinchi marta nabiramni maktabga olib kelganim uchun hayajonlandim. Bu his boshqacha ekan. Yoshligimni esladim. U paytda maktablar kichkina bo‘lar edi, hozir bolalar ko‘p ekan. Har bir buvijon hayajonlanadi nabirasi maktabga chiqqanda”.
“Juda ham hayajon kuchli. Mana hozir ham, bilinayotgandir. Juda kuchli hayajondaman. Bog‘chadan keyin maktabga berdik. Hayotining ikkinchi bosqichiga qadam tashladi”, deydi ilk farzandini birinchi sinfga olib kelgan ona.
“Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiri odatdagidek davlatimiz madhiyasi bilan boshlandi. Yuqori sinf o‘quvchilari 1-sonli maktabga hayajon va katta ishtiyoq bilan kelgan bolalar hamda yig‘ilganlar uchun tayyorlagan chiqishlarini namoyish qildi. So‘ngra, barcha kutgan “birinchi qo‘ng‘iroq” an’anaviy tarzda chalindi. Bu ovoz kimdir uchun birinchi marta yangrayotgan bo‘lsa, yana kimdir “Bilimlar kunini” so‘nggi bor nishonlayapti.
“Ozroq hayajonlandim, o‘n birinchi sinf bo‘ldik. Vaqt tez o‘tib ketdi. Ko‘z ochib yumguncha maktabni bitiryapmiz”, deydi o‘quvchilardan biri.
Bitiruvchilardan yana biri esa bugungi kun haqida shunday fikrda:
“Juda xursand bo‘lyapman, bir tarafdan xafaman. Maktabni bitiramiz, hissiyotlarimni tasvirlab bera olmayman. Bugun birinchi sinfga chiqqanimni esladim, to‘g‘risi”.
“Bu bizning oxirgi “Birinchi qo‘ng‘irog‘imiz”. 11-sinfmiz. Keyingi yil katta hayotga qadam qo‘yamiz, o‘qishga kiramiz. Bugungi kun zo‘r bo‘ldi. Oldimda birinchi sinflar turdi. Bular ham bizdek 11 yildan keyin shu vaziyatni boshidan o‘tkazadi. Bugungi tadbirda o‘zim 1-sinfga kelgan kunni esladim, ko‘zim yoshlandi”, deydi bitiruvchilardan biri.
Hammaga yoshligini eslatayotgan bolajonlar esa “Prezident sovg‘asini” olgan kunni shunday ta’riflashdi.
“Ertalab barvaqt turib, yaxshi kayfiyatda, chiroyli kiyinib, gullarni olib, oyim bilan xursand bo‘lib maktabga keldim. A’lo bahoga o‘qimoqchiman. “Prezident sovg‘asi” juda yoqdi”, deydi 1-sinf o‘quvchisi.
Yana bir o‘quvchi esa maktabga kelgan ilk kuni haqida shunday fikrda:
“Bugun men birinchi marta maktabga chiqdim. Prezident sovg‘asini oldim, juda ham zo‘r bo‘ldi. Ertalab chiroyli kiyimlarimni kiyib, oyijonim bilan kelib, ustozim bilan ko‘rishdim. maktab menga yoqdi”.
“Maktab menga yoqdi. Bu yerga kelishga juda qiziqdim. Shuning uchun ertalabdan turdim, hayajonlandim. Oyim sochlarimni chiroyli qilib turmaklab qo‘ydi, keyin maktabga olib keldilar”, deydi qizaloq.
Har yili maktab bag‘riga 11 yillik sarguzashtning ilk qismini boshlagan o‘quvchilar qabul qilinadi, lekin o‘qituvchilar uchun bu kun muhimlik darajasini yo‘qotmaydi.
“Kasbim pedagog bo‘lganligi uchun, har yili bolalarni qabul qilish jarayonida bevosita ishtirokchi va guvohga aylanaman. Bizning bolaligimizga keladigan bo‘lsak, u paytlar ham yomon o‘tgan deya olmayman. Lekin Yangi O‘zbekistonning bolalari o‘sha bizning davrimizdan ko‘ra, boshqacharoq hurmat, izzat, ehtirom bilan maktabga qabul qilinadi. Ular uchun maxsus “Prezident sovg‘alari”ning tayyorlab qo‘yilishi, ularni topshirayotgandagi hayajon, hattoki bolalarga sovg‘alarini taqdim etayotganda o‘zimizning qalbimiz o‘zgacha sururga to‘ladi. Bolalar o‘sha sovg‘ani olganida shodlanganini, ko‘zlari qanchalar quvonchga, nurga to‘lganini ko‘rib, biz ustozlar ulardan-da ko‘proq, ulardan ikki baravar, uch baravar ko‘p xursand bo‘lamiz”, deydi maktabning tarix va huquq fanlari o‘qituvchisi.
2026–2027 o‘quv yilida ushbu ta’lim muassasasi 161 nafar birinchi sinf o‘quvchilarini qabul qildi. Ular orasida 2 nafar imkoniyati cheklangan bolalar ham mavjud bo‘lib, bu tashabbus ota-onalar tomonidan ilgari surilgan.
Respublika bo‘ylab o‘n ikki turdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” topshirilgan bolalar soni esa 795 mingdan oshdi.
Jasmina Murtazoyeva