Uyini sotmoqchi bo‘lgan fuqarolarga internetda e’lon berish taqiqlanishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekistonda fuqarolarga o‘zlarining ko‘chmas mulk ob’ektlarini internetda orqali reklama qilib, sotishni taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Hujjat Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.  

Qonun loyihasiga ko‘ra, ko‘chmas mulk ob’ektlarini reklama qilish faqat riyeltorlik tashkilotlari va ko‘chmas mulk bo‘yicha agentlar orqali amalga oshiriladi.

“Jismoniy yoki yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk ob’ektlarini reklama qilish va e’lonlari, shu jumladan butunjahon axborot tarmog‘i Internetda yoki ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida joylashtiriladiganlari, ko‘chmas mulk mulkdorlari tomonidan faqat rieltorlik tashkilotlari va ko‘chmas mulk bo‘yicha agentlar orqali bepullik asosida amalga oshiriladi”, deyiladi yangi tahrirdagi qonunning 27-moddasida. 

Mazkur qonun loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalar va tanqidlarga uchraganidan so‘ng, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi kiritilayotgan o‘zgarishlarga izoh berdi. 

Agentlikning tushuntirishicha, 2010 yildan beri amalda bo‘lgan qonun zamonaviy voqeliklarga va rieltorlik faoliyati sohasidagi o‘zgarishlarga mos kelmasligi sababli “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunini yangi tahrirda ishlab chiqish zarurati tug‘ilgan. 

“Qonun loyihasi rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, “soyadan” chiqishni rag‘batlantirish va noqonuniy (qora) rieltorlar va rieltorlik tashkilotlari faoliyatini legallashtirish, shuningdek, rieltorlik xizmatlari iste’molchilarini huquqlarini himoya qilish, hamda noqonuniy rieltorlar tomonidan firibgarlik holatlari avj olishining oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Ta’kidlanishicha, qonun loyihasini ishlab chiqishda rivojlangan mamlakatlar tajribasi o‘rganilgan, bunda AQSH, Germaniya va Fransiyada rieltorlar litsenziyaga ega bo‘lishi majburligi hamda rieltorlar faoliyati ko‘proq tartibga solingan Benilyuks mamlakatlarida (Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg) rieltorlik faoliyati amalga oshirishda litsenziyaga ega bo‘lishdan tashqari, har bir agent proffessional tashkilotlardan biriga a’zo bo‘lishi belgilangani qayd etilgan.

Agentlik, mazkur qonun loyihasi yuzasidan bildirilgan tanqidlarga javoban, uning 3-moddasida ushbu Qonunning amal qilishi ko‘chmas mulk mulkdorlari o‘zlari mustaqil tuzadigan bitimlarga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilab qo‘yilganini ta’kidlagan.

“Shu bilan birga, Qonun loyihasining 27-moddasida ko‘chmas mulk bozorida axborot, maslahat va reklama xizmatlari qonunchilikda belgilangan tartibda tuzilgan rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatish shartnomasi asosida ko‘rsatiladi. Mazkur moddaning uchinchi qismida jismoniy yoki yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk ob’ektlarini reklama qilish va e’lonlari, shu jumladan butunjahon axborot tarmog‘i Internetda yoki ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida joylashtiriladiganlari, ko‘chmas mulk mulkdorlari tomonidan faqat rieltorlik tashkilotlari va ko‘chmas mulk bo‘yicha agentlar orqali bepul amalga oshiriladi”, deyiadi agentlik bayonotida.

Agentlik qonun loyihasining 27-moddasi qoidalarining tahriri qayta ishlanishini va O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 11 va 12-moddalari talablariga, shuningdek, ko‘chmas mulk egalari manfaatlari va qonunchilik texnikasiga muvofiqlashtirilishini bildirgan.

“Mazkur qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi yakunlari bo‘yicha kelib tushgan taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda qayta ishlanadi hamda huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etiladi. Adliya vazirligining ijobiy xulosasi olinganidan so‘ng qonun loyihasi belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi”, deb yakunlanadi agentlikning rasmiy munosabati.

Ma’lumot uchun, qonun loyihasi uchun muhokama 29 dekabrga qadar davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

ko'chmas mulk e'lon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing