O‘yindan o‘t chiqdi. “Portu” 30 ming yevro jarimaga tortildi
Sport
−
10 Oktabr 2025 1688 1 daqiqa
Portugaliya futbol federatsiyasi (FPF) Tartib-intizom kengashi “Portu” klubiga “Benfika”ga qarshi o‘tkazilgan derbida muxlislarning noo‘rin xatti-harakatlari sababli 30 855 yevro miqdorida jarima belgiladi. Bu haqda “A Bola” nashri xabar berdi.
Jarimaning katta qismi muxlislar tomonidan pirotexnika vositalaridan foydalanish (6375 yevro) va otashinlar yoqilganligi (9560 yevro) bilan bog‘liq. Shu bilan birga, jazoning bir qismi “Benfika” bosh murabbiyi, sobiq “Portu” ustozi Joze Mourinyuga nisbatan aytilgan haqoratli qo‘shiqlar sababli qo‘llangan.
Bundan tashqari, “Super Dragoes” fan-klubining qamoqda bo‘lgan sobiq yetakchisi Fernando Madureyrani qo‘llab-quvvatlovchi bannerlar uchun ham klub qo‘shimcha sanksiyalarga uchragan.
Shuningdek, o‘yin davomida muxlislar maydonga turli buyumlar, suv idishlari, tangalar va karton koptoklar uloqtirgani uchun “Portu” yana qo‘shimcha jarimaga tortilgan. Hech kim jarohat olmagan bo‘lsa-da, bu holat qayd etilgan.
Kengash stadion suxandonining o‘yin paytida “Portu”ni qo‘llab hayqirgani uchun ham klubga 6375 yevro jarima qo‘lladi.
Ma’lumot uchun, bu voqea so‘ng, “Portu” jamoasi “Super Dragoes” va “Colectivo Ultras 95” fan-klublari uchun beriladigan chiptalar sonini qisqartirish yoki bekor qilish masalasini ko‘rib chiqyapti.