Uyida qumdan oltinni ajratadigan sex tashkil qilgan tillafurushlar ushlandi

3-sahifa

image

Navoiyda noqonuniy oltin savdosi bilan shug‘ullangan hamda xonadonida qumdan oltinni ajratib oladigan sex tashkil qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Navoiy shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy oltin savdosiga chek qo‘yilgan.

Xususan, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi, 1987 va 1993 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs 212,9 gr quyma oltinni xaridorga 340 mln so‘mga sotishga kelishishadi. Tillafurushlar mijozga 999 probali 26,3 gr oltinni bergan holda, qolgan qismini keyinroq yetkazib berishlarini aytib, undan 20 ming AQSH dollari va 100 mln so‘m olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Shuningdek, ulardan biri o‘z yashash xonadonida qumdan oltinni ajratib olishga mo‘ljallangan yashirin sex tashkil qilganligi ham aniqlangan. 

Bildirilishicha, hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (Valyuta qimmatliklarini, qimmatbaho metallar va (yoki) qimmatbaho toshlarni qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiyda davlat muhofazasiga olingan yer maydonida noqonuniy oltin qazish bilan shug‘ullangan shaxs aniqlangandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing