Uy-joy uchun subsidiya to‘lanadigan shaxslarni tanlash tartibi tasdiqlanadi
Jamiyat
−
10 yanvar 2020
16639Shahar va qishloq joylarida qurilgan birlamchi bozordagi uy-joylar aholiga foiz stavkasi bozor stavkalari asosida aniqlangan ipoteka kreditlari orqali sotiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasining “Uy-joy sotib olish uchun subsidiya to‘lanadigan shaxslarni tanlash, mezonlarini tasdiqlash, subsidiyalarni hisoblash va to‘lash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror loyihasida keltirib o‘tilgan.
Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 martiga qadar:
• Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida uy-joy sotib olish uchun subsidiya to‘lanidigan shaxslarni ballar asosida baholash dasturiy ta’minot tizimi yaratilishini va ishga tushirilishini;
• davlat xizmatlari markazlarini, ariza beruvchini belgilangan ijtimoiy mezonlarga mos kelishini aniqlash va baholashga mas’ul bo‘lgan tashkilotlarning tuman (shahar) bo‘limlarini, subsidiya to‘lanadigan talabgor shaxslarni tanlab olish bo‘yicha doimiy ishlaydigan hududiy komissiyaning YAIDXPga ulanishini;
• ishga tushirilgan dasturiy ta’minotni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi bilan integratsiyalashuvini ta’minlaydi.
Loyihada daromadi yuqori bo‘lmagan oila – bir oilaning qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanishi mumkin bo‘lgan o‘rtacha bir oylik rasmiy daromadlari quyidagicha belgilangan:
• qishloq joylarda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3,8 dan 5,8 baravarigacha;
• shaharlarda (respublika va viloyat bo‘ysinuvidagi shaharlar) belgilangan MHTEKMning 4,0 dan 6,5 baravarigacha;
• Toshkent shahrida belgilangan MHTEKMning 4,5 dan 9,0 baravarigacha hisoblanadi.
Loyiha doirasida shahar va qishloq joylarida qurilgan birlamchi bozordagi uy-joylar aholiga foiz stavkasi bozor stavkalari asosida aniqlangan ipoteka kreditlari orqali sotiladi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida qurilgan birlamchi bozorda uy-joylarni sotib olish uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar faqat Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Qurilish vazirligi har yili kelgusi yil uchun kvartiraning bir kvadrat metrining tegishli hududdagi o‘rtacha bozor qiymati hamda ikki va uch xonali kvartiralar maydonining eng kam me’yorlarini inobatga olgan holda uy-joyning hisoblangan qiymatini aniqlaydi.
Subsidiyalar:
• qishloq joylarda – birinchi besh yil davomida ipoteka krediti bo‘yicha foiz to‘lovlari bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun - 10 foizlik punktdan oshgan qismiga;
• shaharlarda – boshlang‘ich badalning bir qismini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun uy-joy hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida va birinchi besh yil davomida kredit bo‘yicha foizlarni qoplash uchun - Toshkent shahrida 12 foizlik punktdan oshgan qismiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar shaharlarida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to‘lanadi.
LiveBarchasi