Jizzaxda o‘ta xavfli retsidivist yana bir bor jinoyat sodir etdi
Jamiyat
−
26 dekabr 2019
16395Jizzaxda o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan 41 yoshli S.B. yana jinoyat sodir etdi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Joriy yilning 24 dekabr kuni Zafarobod tumanida yashovchi 50 yoshli Sh.O‘. tuman IIB ga ariza bilan murojaat qilgan. Unda o‘g‘li voyaga yetmagan 2002 yilda tug‘ilgan R.N. Do‘stlik ko‘chasidagi uylarning oldida ketayotganida noma’lum shaxs uni ushlab olib, qo‘rqitib, urib tan jarohati yetkazib, bir dona bahosi 900.000 so‘mlik “Samsung” rusumli uyali telefon apparatini tortib olgani, ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringani, ushbu shaxsni aniqlab unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni sud tomonidan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan 41 yoshli S.B. sodir etganligi aniqlanib, undan “Samsung” rusumli telefon apparati tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Zafarobod tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan S.B.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 4-qismi “b” bandi (o‘ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchi voyaga yetmagan R.N. 3 nafar shaxslar orasidan aynan S.B.ni tanib olgan va S.B.ga nisbatan ushbu modda bilan ayblov e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
LiveBarchasi