Usmonxon Alimov bilan uchrashuv talab qilgan ikki shaxsga sud hukmi e’lon qilindi

Jamiyat

image

Joriy yilning 8 aprel kuni O‘zbekiston Musulmonlar idorasi raisi muftiy Usmonxon Alimov bilan uchrashuvni tashkillashtirishni qo‘pol tarzda talab qilgan Rustambek Karimov va Tulkun Astanov ustidan shu yilning 6 sentyabr kuni Toshkent shahar sudida ochiq sud ishi boshlangani haqida xabar bergan edik. Bugun, 18 oktyabr kuni sud ishi nihoyasiga yetdi va hukm e’lon qilindi. 

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Orif Qlichev raisligida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra,

Rustambek Karimov (1975 yilda Toshkent shahrida shahrida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta, muqaddam sudlangan, vaqtincha ishsiz) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. 

Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 1-qismi bilan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazoy tayinlash) 8-qismi tartibida jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudining 2019 yil 16 maydagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo manzil koloniyalarda o‘tattirish belgilandi.

Tulkun Astanov (1971 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta-maxsus, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. 

Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) tartibida, tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli deb hisoblanib, 2 yil sinov muddati belgilandi. Sinov muddati hukm chiqarilgan kundan boshlab hisoblanishi ko‘rsatildi.

Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

204

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing