Usmoniylar imperiyasi yaqin orada tiklanmaydi – Netanyaxu (video)
Olam
−
12 iyun 2025 23662 2 daqiqa
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Usmoniylar imperiyasi yaqin orada tiklanmasligini aytdi. Bu haqda u kecha, 11 iyun kuni Argentina Prezidenti Xaver Mileyning Isroilga tashrifi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan Knessetdagi (Isroil parlamenti) nutqida so‘z ochdi.
Netanyaxu Knessetning to‘liq tarkibi oldida so‘zlar ekan, Argentinaning XIX asrning ikkinchi yarmida nafaqat Sharqiy Yevropadan, balki Usmoniylar imperiyasidan ham yahudiylar uchun boshpana bo‘lganini eslatgan. Uning aytishicha, yahudiylar mintaqani iqtisodiy qiyinchiliklar va antisemitizm kuchaygani bois tark etgan.
“Ba’zilar menga qo‘shilmasligi mumkin, ammo men Usmoniylar imperiyasi yaqinda qaytadi deb hisoblamayman. U qaytmaydi”, deydi Netanyaxu.
Ma’lumot uchun, Netanyaxu 2018 yilda Birinchi jahon urushi Usmoniylar imperiyasining qulashiga olib kelgani va bu sionistik harakatning kuchayishiga yo‘l ochgani haqida tvit yozgan.
Usmoniylar va yahudiylar
XV asrda Ispaniyadan quvg‘in qilingan sefarad (Ispaniya) yahudiylari Sulton Boyazid II taklifiga binoan Usmoniylar hududlariga kelgan. Sulton ularni olib kelish uchun flot yuborgan, fuqarolik va to‘liq diniy erkinlikni taqdim etgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, 1492 yilda Ispaniyada 13 ming yahudiy qatl etilgan bo‘lsa, o‘n minglab sefarad yahudiylari Usmoniylar yeriga kelgan. Bugungi kunda sefarad yahudiylarining avlodlari asosan Isroil, Turkiya, Fransiya, AQSH, Lotin Amerikasi va Shimoliy Afrika mamlakatlarida yashaydi.
Quddus va Eron masalasi
Netanyaxu o‘z nutqida Quddus masalasiga ham to‘xtalgan.
“58 yil avval biz Quddusni yana birlashtirdik va men bu yerda o‘tirgan barcha do‘stlarim nomidan va’da beraman: u hech qachon qayta bo‘linmaydi”, deydi u.
Sharqiy Quddusdagi musulmon va nasroniy falastinliklarning diniy erkinliklariga qo‘yilgan cheklovlar xalqaro tanqidga sabab bo‘lib kelayotganiga qaramay, Netanyaxu Isroil shaharda diniy erkinlikni kafolatlashini aytgan.
Shuningdek, u Eronni Isroilga qarshi “urush olib borayotgan davlat” deb atagan va Isroil Eronni “asalari uyasiday izdan chiqarganini” iddao qilgan, biroq tahdid hanuz saqlanib qolayotganini tan olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NBC News telekanali AQSH Kongressidagi manbalar va vaziyatdan xabardor boshqa shaxslarga tayanib, Isroil Eron yadro dasturi borasidagi tahdidga javoban AQSH yordamisiz ham zarba berish imkonini jiddiy ko‘rib chiqayotganini xabar qilgan edi.
Live
Barchasi