USAID O‘zbekistonga 14 mln dollar bermoqchi

Jamiyat

image

Ayni kunlarda Toshkentda bo‘lib turgan AQSH Xalqaro hamkorlik agentligi (USAID) rahbari Samanta Pauer O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va xususiy sektorni mustahkamlash uchun 14,2 million dollar ajratilishini e’lon qildi. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, USAID O‘zbekistonda sil kasaliga, epidemiya va pandemiya tahdidlariga qarshi kurashish, biznes va xususiy sektorni mustahkamlash hamda samarali mahalliy boshqaruvni rivojlantirish uchun 14 million 200 ming dollar ajratadi.

Ushbu mablag‘lar AQSH USAID orqali sohalar kesimida quyidagi tartibda taqsimlanadi:

• Silga qarshi kurash

“O‘zbekiston dori-darmonga chidamli sil kasalligining yuqori darajadaligi bilan kurashib kelmoqda”, deyiladi diplomatik missiya xabarida.

USAID besh yillik tashabbus sanalgan “Sildan xoli O‘zbekiston” dasturini ishga tushirib, u orqali keng qamrovli qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini taqdim etish va mamlakat bo‘ylab silga qarshi asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida qo‘shimcha 3,2 million dollar sarmoya kiritadi.

“Sildan xoli O‘zbekiston” dasturi kasallik yuqishining oldini olish va aniqlash, davolashni boshlash, sil kasalligining stigmasini kamaytirish, shuningdek, axborot tizimlari va moliyalashtirishni takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlarni ilgari surishda yordam beradi. 2002 yildan beri O‘zbekistonning silga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 60 million dollar sarmoya kiritgan.

• Epidemiya va pandemiya tahdidlariga qarshi kurash

USAID global sog‘liqni saqlash xavfsizligini mustahkamlashda O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik qiladi.

“4 million dollarlik sarmoya O‘zbekistonning kelajakdagi tahdidlar, epidemiyalar va pandemiyalarga chidamliligini oshirish uchun eng yaxshi tajriba va USAID-19 chora-tadbirlaridan olingan saboqlarga yo‘naltiriladi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, ushbu mablag‘ O‘zbekistonga laboratoriya va kuzatuv tizimlarini favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini, xavf-xatarlar chog‘ida aloqa bog‘lash va jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish imkonini berishi ta’kidlandi.

• Biznes va xususiy sektorni mustahkamlash

USAID O‘zbekiston iqtisodiyotini turizm, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va yashil iqtisodiyot kabi maqsadli tarmoqlarga mustahkamlash uchun 3,5 million dollar sarmoya kiritmoqda. Ushbu dastur ish o‘rinlari yaratish, iqtisodiy inklyuzivlikni yaxshilash, kichik va o‘rta korxonalar uchun eksport bozorlarini rivojlantirish va kapitalni jalb qilishga yordam beradi.

USAID ayollar, yoshlar va nogironlar uchun shaxsiy biznesni boshlash va yuritishda qiyinchilik tug‘diruvchi institutsional, huquqiy va iqtisodiy to‘siqlarni bartaraf etishga harakat qiladi. Bundan tashqari, USAID o‘zbek bizneslariga elektron tijorat va savdoni yaxshilashi mumkin bo‘lgan Amerika texnologiyalarini o‘zlashtirishda yordam beradi.

• Mas’uliyatli va samarali mahalliy boshqaruv

“O‘zbekiston-2030” strategiyasini qo‘llab-quvvatlagan holda hamda Kongress bilan hamkorlikda USAID yangi mahalliy boshqaruv dasturi orqali O‘zbekistonda viloyat va mahalliy boshqaruvni kuchaytirish uchun 3,5 million dollar miqdorida mablag‘ ajratadi.

Bu orqali USAID viloyat va mahalliy hokimiyatlar yanada e’tiborli, xalq bilan birgalikda ishlovchi va mas’uliyatli bo‘lishi hamda o‘zbek xalqiga davlat xizmatlarini yaxshiroq ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lishini ko‘zlaydi. Ushbu tashabbus doirasida milliy va mahalliy hukumatlar, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor bilan birgalikda mahalliy davlat hokimiyati organlarining byudjetlari va xarajatlarida shaffoflikni oshirish, davlat amaldorlarini yangi majburiyatlarni bajarishga o‘rgatish, fuqarolar va jamoalarni mahalliy hukumatlar faoliyatini nazorat qilishlari va o‘z ehtiyojlarini qondiradigan davlat xizmatlarini targ‘ib qilishlari uchun zarur bo‘lgan vositalar, ko‘nikma va resurslar bilan ta’minlash maqsad qilinadi.

USAID, shuningdek, detsentralizatsiya va mahalliy boshqaruv bo‘yicha ma’lumotlarga asoslangan milliy siyosat va qonunchilikni ishlab chiqishda hukumatni qo‘llab-quvvatlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

xususiy sektor Epidemiya USAID Samanta Pauer Sildan xoli O'zbekiston mahalliy boshqaruv

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing