USAID shtab-kvartirasi yopiladi. Uning faoliyati so‘roq ostida qolmoqda
Olam
−
03 fevral
3725AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) bosh binosi bugun, 3 fevral kuni yopiladi. Agentlik xodimlarining aksariyati esa masofadan ishlaydi. Bu haqda tashkilot xodimlariga yuborilgan elektron xatga asoslanib, “The Washington Post” gazetasi muxbiri Jon Hadson ma’lum qildi.
“Agentlik rahbariyatining ko‘rsatmasiga binoan Vashingtondagi Ronald Reygan binosidagi USAID shtab-kvartirasi 3 fevral, dushanba kuni xodimlar uchun yopiladi”, deyiladi Hadson X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan xatda.
Shuningdek, ushbu xatda USAID bosh binosida faoliyat yuritadigan xodimlar masofadan ishlashi, binoning ish faoliyatini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xodimlarning esa rahbariyat qaroriga ko‘ra ishni davom ettirishi ta’kidlangan.
Qayd etish joiz, oldinroq “Fox News” telekanali USAID shtab-kvartirasidan barcha belgilarning olib tashlangani, Ilon Mask jamoasi agentlikning kompyuter tizimlarini nazoratga olgani haqida xabar bergan. Xususan, USAID’ning 50 dan ortiq rahbar xodimlari ma’muriy ta’tilga chiqarilgan va maxsus ruxsatsiz tashqi aloqa qilishlari taqiqlangan. Ilon Mask esa o‘z bayonotida USAID butunlay tugatilayotganini ta’kidlab, agentlikni qayta tiklash imkonsiz ekanini aytgan.
Ma’lumot uchun, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) AQSH hukumati tarkibiga kiruvchi mustaqil agentlik bo‘lib, boshqa mamlakatlarga yordam berish maqsadida tashkil etilgan. U 1961 yilda tashkil topgan va turli agentliklarning funksiyalarini birlashtirgan. Garchi rasmiy jihatdan mustaqil davlat agentligi bo‘lsa-da, USAID AQSH Prezidenti, Davlat kotibi va Milliy xavfsizlik kengashiga bo‘ysunadi. USAID’ning asosiy faoliyati iqtisodiy rivojlanish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, gumanitar yordam, demokratiyani qo‘llab-quvvatlash va AQSH xalqaro siyosiy maqsadlarini ilgari surishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbariyatini telbalik va radikalizmda, SpaceX va Tesla asoschisi Ilon Mask esa biologik qurollar yaratishni moliyalashda ayblagan edi. Mask USAID'ni “jinoiy tashkilot” deb atab, uning “o‘lim vaqti” kelganini aytdi va tashkilotning yopilishiga shama qildi.
LiveBarchasi