Urushning barcha sirlarini oshkor qilishga hali erta — Ilhom Aliyev
Olam
−
24 noyabr 2020
7776Ozarbayjon nazoratiga o‘tgan Ag‘damda, Qorabog‘dagi mojaro avj olgan paytda maxsus harbiy operatsiya rejalashtirilgan. Bu haqda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ma’lum qildi.
“Urushning barcha sirlarini oshkor qilishga hali erta. Vaqt keladi, ko‘p narsa oydinlashadi. Ammo bugun men aytishim mumkinki, Ag‘damdagi operatsiya rejalashtirilgan edi. Biz baribir Ag‘damni ozod qilar edik. Ammo katta yo‘qotishlar bo‘lishi mumkin edi”, deya Ozarbayjon rahbarining so‘zlarini keltiradi RIA Novosti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘ni minalardan tozalashni boshlagani xabar qilindi.
“Rossiya muhandislik bo‘linmalari tinchlikparvarlik kuzatuv punktlari va jamoat yo‘llari orqali harakatlanish marshrutida muhandislik razvedkasi va minalardan tozalash bo‘yicha vazifalarni bajaradi”, deyiladi xabarda.
Joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladilar.
Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni allaqachon boshladi.
Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.
Umidjon Nozimjonov
LiveBarchasi