Urush ukrainalik milliarderlarga qanday ta’sir qildi?
Olam
−
05 aprel 2022
18387“Forbes-2022” ro‘yxatiga kiritilgan ukrainalik milliarderlarning boyligi Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan beri jami 9,7 milliard dollarga (45 foizga) kamaydi. Bu haqda “Forbes” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ukrainalik milliarderlarning ba’zilari aktivlarining muhim qismini Ukrainadan tashqarida ushlab turgani uchun umumiy kapitali keskin kamaymagan.
Umuman olganda, dunyoning eng boy odamlari reytingiga yetti nafar ukrainalik milliarder kirgan. Ularning umumiy boyligi 11,9 milliard dollarga baholanmoqda, bu “Forbes”ning o‘tgan yildagi reytingida keltirilgan mablag‘dan 7 milliard dollarga kam.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yil davomida sobiq Prezident Pyotr Poroshenko ro‘yxatdan chiqib ketdi, biroq boyligi 1,1 milliard dollarga baholangan “Revolut” asoschisi Vlad Yasenko qo‘shildi.
Poroshenko egalik qiluvchi “Roshen” qandolatchilik kompaniyasi o‘z qiymatining qariyb 75 foizini yo‘qotdi.
“Urush tufayli Kiyev hamda Borispoldagi ikkita zavodni yopishga majbur bo‘lgani sababli uning kapitali ikki baravardan ko‘proqqa — 700 million dollarga kamayganidan keyin Poroshenko ro‘yxatdan tushib ketdi”, deb yozadi nashr.
Eng boy ukrainaliklar ro‘yxatini “Metinvest” kon-metallurgiya kompaniyasi egasi, biznesmen Rinat Axmetov boshqarmoqda, uning boyligi 4,2 milliard dollarga baholangan. Nashr uning urush boshlanganidan beri yo‘qotishlarini 4,3 milliard dollarga baholagan.
Ukrainaning sobiq Prezidenti Leonid Kuchmaning kuyovi Viktor Pinchuk 1,9 milliard dollar boyligi bilan fevral oyi oxiridan beri 700 million dollar yo‘qotgan.
Kuchli uchlikka “Oppozitsiya bloki” partiyasidan Oliy Rada deputati va “Smart Holding” investitsiya guruhi egasi Vadim Novinskiy yakun yasagan. Nashr uning boyligini 1,3 milliard dollarga baholagan. Urush boshlanganidan beri uning boyligi 2,2 milliard dollarga kamaydi.
Eng boy ukrainaliklar ro‘yxatiga tadbirkorlar Konstantin Jevago, Gennadiy Bogolyubov, Vlad Yasenko va Igor Kolomoyskiy ham kiritilgan.
LiveBarchasi