Urush tugadi. Putin “yutdi”

Tahlil

Joriy hafta o‘rtasiga qadar dunyo siyosiy maydonida voqealar rivoji qizg‘in kechdi. Bir lahzada Eron-Isroil o‘rtasidagi urush avj pallasiga chiqib, oradan ko‘p o‘tmay mazkur qonli to‘qnashuv nihoyasiga ham yetib ulgurdi. Bu orada Eron o‘z tarixida ikkinchi bor AQSH bazasiga, birinchi bor Qatarga zarba berganiga ham guvoh bo‘ldik.

Rossiya esa vaqtdan foydalanib, Ukrainada istaganicha bosqin amaliyotlarini davom ettirdi. Putin Yaqin Sharqdagi mojaro bahonasida Ukraina masalasida og‘ziga kelganini gapirib tashladi.

Yevropada bo‘lsa, yuzlab odamlar halok bo‘lgan, minglab begunoh fuqarolar mayib-majruh qilingan Eron va Isroil o‘rtasidagi urushdan bir kun o‘tib NATOga a’zo davlatlarning rahbarlari hech nima bo‘lmaganday tirjayib umumiy suratga tushdi.

Aholisi asosan musulmonlardan tashkil topgan mamlakatlar ichida yadro quroliga ega yagona davlat – Pokistonga AQSHning Eronga tajovuzi qattiq ta’sir qilgan bo‘lish ehtimoli yuqori. Manbalar Pokiston AQSHgacha yetib borishga qodir bo‘lgan yadro bombasi ishlab chiqarishga kirishganini taxmin qilyapti.

Ultra isroilparast Tramp boshchiligidagi Qo‘shma Shtatlarning o‘zida esa Falastin tarafdori hisoblanadigan va Netanyaxuni hibsga olishga ont ichgan musulmon nomzod Nyu-York gubernatori bo‘lishi mumkin.

Haftaning o‘rtasiga qadar jahonda ro‘y bergan shu va boshqa voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ’ning Midweek dasturi.

Eron “g‘alaba”ni nishonladi

Isroil va Eron o‘rtasidagi urush tugadi. Dastlabki soatlarda ikki tomonda ham umuman butun dunyoda ham bu borada ikkilanish bo‘ldi. Dastlabki soatlardagi ba’zi tushunmovchiliklar, xususan, kelishuvdan keyingi soatlarda Erondan Isroilga raketa uchirib yuborilgani hamda Isroilning javob berish haqidagi bayonotlariga qaramay, ayni damda faol harbiy harakatlarga nuqta qo‘yilgan. Bir so‘z bilan aytganda esa 12 kunlik urush nihoyasiga yetdi. Eron o‘z bilganicha “g‘alaba”ni nishonladi, Netanyaxu idorasi ham Eronga qilingan hujumlarda barcha maqsadlarga erishilganini iddao qildi. Tramp ma’muriyati esa bu urushning tugatilishidagi eng muhim rolni o‘ziniki deb bilmoqda. Xullas, hamma nimadir olganini da’vo qilyapti. Ammo mazkur mojaroning oqibatlari unda bevosita qatnashgan hech bir tomon uchun mag‘rurlanishga arzigulik yutuq olib kelmaganini yaqqol ko‘rsatmoqda. Yo‘qotishlar va urush davomida ko‘rinib qolgan kamchiliklarning namoyon bo‘lishi bu fikrni bemalol tasdiqlaydi. To‘g‘ri, kun sayin reytingida qulab borayotgan Tramp Eronga B2 uchoqlari bilan hujum qilib, o‘z elektorati ko‘z o‘ngida urushda burilish yasagandek ko‘ringandir. Netanyaxu esa urush va qon, bo‘lib ham ayollar va bolalar qoni evaziga qurilgan va shundan ozuqa oladigan qattol hukumatini yangi urush orqali mustahkamlab olgandir. Lekin bu ular uchun ko‘p ehtimol, uzoqqa cho‘zilmaydigan va kerak bo‘lsa, yaqin fursatlarda zarariga ham ishlashi mumkin bo‘lgan keraksiz urush bo‘ldi. Sababi Tramp reytingi uning urushga qo‘shilish qarori ortidan rostmanasiga quladi. So‘nggi so‘rovlar uning reytingi 41 foizga tushganini qayd etdi. Bu Tramp siyosiy faoliyatidagi eng yomon ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Netanyaxu esa o‘zi ochgan urushda Isroil mudofaasini, ayniqsa, havo hujumidan mudofaa tizimini butun dunyoga sharmanda qildi. Eron raketalari Isroilning uch bosqichli havo mudofaasini, jumladan, “Temir gumbaz”ni ham ilma-teshik qildi. Dunyoga dong‘i ketgan Isroil havo mudofaa tizimlari Eron raketalari qarshisida ojiz ekaniga jahon hamjamiyati, xususan, isroilliklarning o‘zi ham guvoh bo‘ldi. Bu esa yahudiy davlati, ayniqsa, bugungi Netanyaxu hukumatiga nisbatan misli ko‘rilmagan ishonchsizlikka olib kelishi shubhasiz. O‘lim va jarohatlarning ko‘pligi esa Netanyaxu uchun vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Isroil milliy tez yordam xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 13 iyundan boshlab Eron zarbalari oqibatida 28 kishi halok bo‘lgan, uch mingdan ortiq odam jarohat olgan. Bundan tashqari, Eron zarbalarining asosiy nishoni bo‘lgan Tel-Aviv va Hayfa shaharlaridagi ko‘plab nuqtalar G‘azo tusiga kirdi. Sodda qilib aytganda esa Google qidiruvining kartinalar qismida Yaqin Sharqdagi dahshatli vayronalar ichida Bag‘dod, Damashq, Idlib, Sana va G‘azo bilan bir qatorda endilikda Telm-Aviv hamda Hayfa aks etgan talaygina suratlarni ham topish mumkin.

O‘z o‘rnida Eron ham harbiy sohada, xuddi Isroil kabi mudofaa masalasida juda zaif ekani ko‘rindi. Isroil qiruvchi samolyotlari Eron osmonida istaganicha harakat qildi. Bu rasmiy Tehron uchun keyingi yillardagi eng ko‘p muhokama qilinadigan mavzuga aylansa ham ajab emas. Boz ustiga forslarning kontrrazvedka tizimi o‘ta zaifligi ham ochiq-oydin ko‘rindi. Havo hujumidan mudofaa tizimining bir zumga uxlatilishi, Mossad tomonidan Eron ichidan turgan holda nishondagi ob’ektlarning yo‘q qilinishi va hatto generallarning o‘z yotog‘ida yadroviy olimlarning esa o‘z mashinalarida o‘ldirilishi xavfsizlik tizimidagi kamchiliklar, kontrrazvedkaning esa sustligini namoyon qildi. Biroq bularning ichida hech bir yo‘qotish yuzlab begunoh va tinch aholining qurbon bo‘lishiga arzimaydi. Eron Sog‘liqni saqlash vazirining ma’lum qilishicha, 13 iyundan boshlab Eronda Isroil zarbalari oqibatida kamida 610 kishi halok bo‘lgan, taxminan 5 ming kishi jarohat olgan. Halok bo‘lgan 610 kishining 49 nafari ayol va 13 nafari bola ekani qayd etilgan.

Isroil va Eron urushidan Rossiya “yutdi”

Yaqin Sharqda keskinlik avjiga chiqqan mahal Rossiyaning Ukrainaga bosqini yanada kuchaydi. Butun dunyo e’tibori Eron va Isroil o‘rtasidagi urushga qaratilgan bir paytda dastlab, 17 iyunga o‘tar kechasi Kiyevning turli hududlaridagi o‘nlab binolar va boshqa ob’ektlarga, jumladan, turarjoy binolari, ta’lim muassasalari va muhim infratuzilma ob’ektlariga hujum qilindi. Solomenskiy tumanidagi to‘qqiz qavatli turarjoy binosiga urilgan raketa oqibatida vayronalar ostidan 21 kishining jasadi chiqarildi. Kiyevga berilgan zarbalar qurbonlarining umumiy soni 30 kishiga yaqinlashdi, 134 nafar inson yaralandi. 20 iyun kuni esa Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Putin Sumi viloyatida “xavfsizlik zonasi” tashkil etish bahonasida u yerni egallashi mumkinligini aytib o‘tdi. Putin bu da’vosi Ukraina Qurolli kuchlari 2024 yil Kurskka bostirib kirgani uchun Rossiya armiyasi “chegara bo‘ylab xavfsizlik zonasini yaratishga majbur” degan vaj ortidan 1 yildan buyon aytib kelinadi. Ammo Yaqin Sharqda urush avjiga chiqqan paytda Rossiya Prezidenti “rus askarining oyog‘i yetgan yer Rossiyaniki”, rus va ukrain xalqlarini bir xalq deb bilishi va shu bois butun Ukrainani Rossiyaniki deb hisoblashini ochiq-oydin gapirdi. Odatda bunday qo‘pol ritorika marhum Jirinovskiyda kuzatilardi, ammo Eron va Isroil bir-biriga raketa uchirib dunyo e’tiborini o‘ziga tortgan mahal Rossiya Prezidenti dilidagi gaplarni tiliga chiqardi.

Shu tarzda Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi yanada keskinlashdi. 21 iyunga o‘tar kechasi hujumlar davom etdi. Odessada portlash ovozlari eshitilgani haqida xabar berildi. Erta tongda Poltava viloyatining Kremenchuk shahri Rossiya raketalari va dronlari tomonidan hujumga uchradi. 24 iyunga o‘tar kechasi esa Sumidagi Verxnesirovatskaya hududida Rossiya dronlari yordamida uyushtirilgan yirik hujum oqibatida kamida uch kishi halok bo‘ldi. Shu paytda Xarkov viloyatida ham Rossiya agressiyasi kuzatildi. Viloyat harbiy boshqarmasi rahbari Oleg Sinegubov ham 24 iyunga o‘tar kechasi Rossiya dronlarining hujumi haqida gapirdi. Xarkovning Nemishlyanskiy tumanida Rossiya uchuvchisiz samolyotining yerga urilgani oqibatida uy derazalarining oynalari shikastlangan. Sinegubovning so‘zlariga ko‘ra, Nemishlyanskiy tumanidagi fuqarolik korxonasi hududiga jami uchta “qulash” qayd etilgan. O‘z navbatida, Xarkov meri Igor Terexov ham 24 iyunga o‘tar kechasi Rossiya shaharga yettita Shahed dronlari bilan hujum qilgani haqida xabar berdi.

Aynan 24 iyun kuni Rossiyaning Ukrainaga bosqini yanada qonli tus oldi. Shu kuni tushdan keyin Rossiya Ukrainaga navbatdagi raketa zarbasini berdi.

Raketa hujumi oqibatida halok bo‘lganlar soni 18 kishi, jarohatlanganlar esa 300 ga yaqinlashgani ma’lum bo‘ldi. Eng achinarlisi, jabrlanganlarning o‘ndan ortig‘i bolalardir. Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmatining Dnepr va mintaqadagi ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolik infratuzilmasi – yotoqxona, sport zali va ma’muriy binoga jiddiy zarar yetgan. Undan tashqari, 46 ta ko‘p qavatli uy va 41 ta xususiy uyga zarar yetgan.

Bular Eron va Isroil o‘rtasida kechgan 12 kunlik urush davomida Rossiyaning dunyo e’tiboridan chetda qolgan Ukrainaga bergan halokatli zarbalari edi. To‘g‘ri, Rossiya Ukrainaga 3.5 yildan buyon bosqin qilib kelmoqda, ammo raketa yomg‘irlari, bir hujumdayoq yuzlab insonlarni mayib-majruh qilish, o‘nlab oddiy aholini halok qilish holatlari muttasil sodir etilmaydi. Bunday holatlarning sodir etilishi ortda qolgan bir hafta ichida Rossiya tomonidan ko‘payishi va rus qo‘shinlarining oldingi siljishdagi harakatlarida, albatta, Yaqin Sharqdagi urushning ahamiyati bo‘lakcha.

Pokiston AQSHni nishonda ushlamoqchi

“Foreign Affairs” Pokiston harbiylari Amerika Qo‘shma Shtatlariga yetib borishi mumkin bo‘lgan yadroviy kallakka ega qit’alararo ballistik raketani yaratish ustida ishlayotganini da’vo qildi. Hindistonning “Sindur” operatsiyasidan so‘ng Pokiston Xitoy ko‘magida yadro arsenalini mustahkamlashga harakat qilgani avvalroq xabar qilingan edi. Agar Pokiston shunday raketani muvaffaqiyatli ishlab chiqsa, Vashington bu mamlakatni yadroviy dushman deb hisoblaydi. Hozirda Vashingtonning bunday dushmanlari Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreya kabi davlatlardir. Manbalarga ko‘ra, Pokistonning bunday raketa yaratish qarori Hindistonning o‘sib borayotgan harbiy qudrati va ilg‘or raketaga qarshi mudofaa tizimlariga sarmoya kiritishiga javobdir. Pokiston uzoq vaqtdan beri Hindistonning harbiy ustunligiga to‘sqinlik qiluvchi yadro arsenaliga tayanib kelgan, biroq bu yangi rivojlanish mintaqada qurollanish poygasining keskin avj olganidan darak beradi. Pokistonning yadroviy ambitsiyalari uzoq vaqtdan beri Vashingtonni tashvishga solib kelgan, ayniqsa, bu mamlakat o‘zining yadro va raketa arsenaliga ega bo‘lgan Xitoy bilan yaqin aloqada bo‘lganligi uchun. Vashington qit’alararo ballistik raketa nafaqat mintaqa, balki global xavfsizlikni beqarorlashtirishi mumkinligidan xavotirlanib, Pokistonning yadro arsenalini kengaytirayotganidan tashvishlanadi.

Pokistonning yadro quroli dasturiga kelsak, 1970 yillarning boshlarida, asosan, mintaqadagi keskinlik tufayli, ayniqsa, Hindiston 1974 yilda o‘zining birinchi yadroviy sinovini o‘tkazganidan so‘ng boshlangan. Mamlakat 1998 yilda oltita yadroviy sinovdan so‘ng rasman yadroviy qurolga ega davlatga aylandi. Pokistonning yadro strategiyasida Xitoy-Pokiston aloqalari katta rol o‘ynaydi. Garchi Xitoy Pokistonning qit’alararo ballistik raketalarni ishlab chiqishni ochiq qo‘llab-quvvatlamasa-da, uning Pokistondagi davom etayotgan harbiy yordami va iqtisodiy sarmoyalari Islomobod mudofaasini mustahkamlaydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Xitoy Pokistonning raketa dasturini jimgina ma’qullagan bo‘lishi mumkin, chunki bu Hindiston va Qo‘shma Shtatlarning xavfsizligini yanada murakkablashtiradi.

Falastin tarafdori Nyu-York meri bo‘lishi mumkin

G‘arbning eng muhim va tayanch moliyaviy markazlarini musulmon shaxslar mer sifatida boshqarishi oddiy voqelikka aylanib bormoqda. Londonda Sodiq Omonxon, endi esa Nyu-York saylovlarida katta ustunlikka ega bo‘lib borayotgan Zohran Mamdani shunday lavozimga saylanishi mumkin. U Nyu-Yorkning sobiq gubernatori, Endryu Kuomoni Demokratik partiyaning ichki saylovlarida mag‘lub qilgan. Isroilga qarshi musulmon sotsialist Zohran Mamdani ayni paytda Nyu-York meri saylovida oldinda bormoqda. Saylov byulletenlarining 90 foizi hisoblanganidan keyin Mamdani deyarli 44 foiz ovozga ega bo‘ldi. Uning asosiy raqibi Endryu Kuomo esa 36 foiz ovozga egalik qilgan.

33 yoshli demokrat sotsialist Mamdani Nyu-Yorkda arzon yashash mavzusida kampaniya olib borgan. Uning takliflari orasida ijara haqini muzlatish, bepul jamoat transporti va shahar oziq-ovqat do‘konlari mavjud bo‘lib, Mamdani nazdida ularning barchasi korporatsiyalar va boylarga qo‘yiladigan 10 milliard dollarlik yangi soliqlar hisobidan moliyalashtiriladi. Demokratik partiya elitasi va yirik donorlarning qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, Kuomo o‘z yetakchiligini saqlab qola olmadi. Buni esa ko‘pchilik Mamdanining populistik yondashuvi va joylarda olib borgan qizg‘in kampaniya orqali yosh saylovchilarni o‘ziga jalb qilgani bilan izohlagan.

Mag‘lubiyatga qaramay, Kuomo mustaqil nomzod sifatida qatnashish imkoniyatini istisno etmadi. Hozirgi Nyu-York meri o‘zbeklar bilan otamlashishda ayblanib kelingan Erik Adams ham mustaqil nomzod sifatida ishtirok etishga qaror qilgan. “Guardian Angels” tashkiloti asoschisi Kertis Sliva esa Respublikachilar partiyasidan nomzodlikka da’vogarlik qilmoqda. Yakuniy saylov 2025 yil 4 noyabrda bo‘lib o‘tadi.

Saylovda yaqqol favoritga aylangan Zohran Mamdaniga alohida to‘xtaladigan bo‘lsak, Amerika Demokratik Sotsialistlari a’zosi. Uning ota-onasi ikkalasi ham hind musulmonlari bo‘lib, Mamdani Ugandaning Kampala shahrida tug‘ilgan va 2018 yilda Amerika fuqaroligini olgan. U 12 imom ordenidan bo‘lgan shia musulmonidir. Mamdani Men shtatidagi Bovdoin kollejida o‘qigan va u yerda maktabning Falastinda adolat uchun talabalar bo‘limiga asos solgan. 2014 yilda kollejni Afrika tadqiqotlari bo‘yicha bakalavr darajasi bilan tamomlagan. Nyu-Yorkning ilk musulmon meriga aylanish imkoniyatiga ega Mamdani avvalroq saylovda g‘olib bo‘lsa, Netanyaxuni hibsga olish uchun harakat qilishini aytgandi. Albatta, G‘azo qassobi Nyu-Yorkka tashrif buyurgandek bo‘lsa, Mamdaniga bunday imkoniyat mavjud bo‘ladi.

NATO sammiti 

25 iyun kuni Gaagada NATO sammiti bo‘lib o‘tdi. Bu galgi NATOga a’zo davlat yetakchilari yig‘inida AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan hokimiyatga kelganidan buyon tez-tez ko‘tarib kelinayotgan masala – mudofaa uchun xarajatlarni 2 foizdan 5 foizga oshirish haqidagi qaror muhokama markazida bo‘lgani aytilmoqda. “Reuters”ga ko‘ra, Yevropa davlatlari harbiy xarajatlar uchun ajratiladigan mablag‘ miqdorini Tramp aytgan chegaragacha ko‘tarishga va’da bergan. Ammo bu talabga rozi bo‘lish farovonlik va mudofaa o‘rtasida tanlov qilish lozimligi tufayli ko‘plab alyans a’zolari uchun og‘riqli bo‘lishi oldindan kutilgandi. Shu bois Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches ushbu maqsadga imzo chekmagan yagona rahbar bo‘lgani aytilmoqda. O‘z o‘rnida, Slovakiya ham 5 foizlik talabni tanqid qilib, yashash darajasini oshirish va qarzni kamaytirish ham muhim deb ta’kidladi.

Ammo AQSH Prezidenti har qanday yo‘l bilan o‘zining mazkur tashabbusini NATOning yaqin 10 yillikdagi tartibiga joriy qilish ilinjida. U hatto Gaagada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Rossiya ambitsiyalari Ukraina bilan cheklanmasligi va tashqariga ham tarqalishi mumkinligini istisno qilmadi. Bu bilan esa Tramp ko‘p ehtimol NATO a’zolarini tezroq harbiy xarajatlarni oshirishga undamoqchi. Shuningdek, sammit doirasida Yevropa yetkachisi Fransiya prezidenti Emmanuyel Makron ham Rossiya bilan ehtimoliy to‘qnashuv ehtimolini rad qilmadi. U Rossiya bilan aloqa qilishdan oldin “yaxshilab obdan o‘ylash” kerak degan fikrni ilgari surdi. 

Sammit doirasida yetakcgilar o‘rtasida o‘zaro uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. 25 iyun kuni Donald Tramp va Vladimir Zelenskiy uchrashdi. OAVga ko‘ra, Tramp va Zelenskiyning o‘zaro suhbati 50 daqiqa davom etgan. Zelenskiy esa uchrashuv tafsilotlarini o‘z Telegram kanalida e’lon qildi.

“Prezident Tramp bilan uzoq va mazmunli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Biz haqiqatan ham muhim bo‘lgan barcha masalalarni muhokama qildik. Janob Prezidentga va Amerika Qo‘shma Shtatlariga minnatdorchilik bildiraman. Otashkesim va haqiqiy tinchlikka qanday erishish mumkinligi haqida gaplashdik. Odamlarimizni qanday himoya qilish haqida fikr almashdik. Tinchlikka erishish yo‘lida ko‘rsatilayotgan e’tibor va yordamga minnatdormiz. Tafsilotlar – keyinroq”, deya yozgan Ukraina rahbari. 

Bundan tashqari, Zelenskiy NATOdagi sammitdan quruq qaytmadi. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Ukrainaga 70 million funt sterling qiymatidagi havo hujumidan mudofaa raketalarini topshirishni e’lon qildi. Bu esa muzlatilgan Rossiya aktivlaridan olingan daromaddan to‘lanadi. Britaniya Bosh vaziri hukumat tepasiga kelganidan buyon Rossiya tomonidan qilingan vayronagarchilik va yo‘qotishlar badalini Rossiyaning o‘ziga to‘latish tarafdori ekani ko‘pchilikka ma’lum.

Shuningdek, 25 iyun kuni NATO sammitida yana bir muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. NATOdagi davlatlar ichida harbiy salohiyat borasida eng kuchli ikki mamlakat rahbarlari Tramp va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi muzokaralar yopiq eshiklar ortida o‘tdi.

Turkiya Prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, Erdo‘g‘an ikki davlatning turli sohalarda, ayniqsa energiya va sarmoya sohasida katta salohiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, mudofaa sanoati sohasida umumiy savdo hajmini 100 milliard dollarga yetkazish maqsadiga erishishga xizmat qiladi. Shuningdek, Turkiya davlat rahbari AQSH Prezidenti Trampning sa’y-harakatlari tufayli Isroil va Eron o‘rtasida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini olqishladi. Erdo‘g‘an uning doimiy bo‘lishini tilab, G‘azodagi insoniy fojiaga tezda barham berish va Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun yaqin muloqot muhimligini ta’kidlagan. NATO bo‘yicha yetakchi ittifoqchilar sifatida ikki davlat rahbarlari Alyansning to‘xtatuvchi kuchini mustahkamlash bo‘yicha keyingi qadamlar muhimligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Pokiston N'yu-York Zohran Mamdani

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing