Urush Rossiyaga ko‘chdimi? Belgorodda aksilterror operatsiyasi davom etayotgani aytildi

Olam

image

Rossiyaning Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov mintaqada aksilterror operatsiyasi davom etayotganini aytdi. Viloyatda Rossiya Mudofaa vazirligi huquq-tartibot idoralari bilan birgalikda “hududni tozalash” ishlarini olib bormoqda. Bu haqda “Xolod” xabar berdi.

“Dushman kirgan aholi punktlarida ikki nafar yarador tinch aholi borligi haqida ma’lumotlar mavjud. Hozircha xavfsizlik kuchlari ularga yetib bora olmadi. Bugun birinchi raqamli vazifamiz shu bo‘ladi. Umid qilamanki, biz ularni imkon qadar tezroq evakuatsiya qilib, tibbiy muassasaga yetkazamiz”, deydi Gladkov.

Uning aytishicha, tinch aholi orasida qurbonlar yo‘q. Biroq evakuatsiya vaqtida 1941 yilda tug‘ilgan ayol vafot etgan. U o‘g‘li va kelini bilan avtobusda Belgorodni tark etayotgan bo‘lgan. 

Shuningdek, Gladkov uylarini tark etgan Grayvoron tumani aholisidan hali qaytmaslikni so‘ragan.

Ta’kidlanishicha, bugun, 23 mayga o‘tar kechasi Belgorod viloyati bir necha bor o‘qqa tutilgan. Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, Borisovka qishlog‘ida ma’muriy binolardan biriga dronlardan ikki marta portlovchi qurilmalar tashlangan. U yerda xususiy uy ham shikastlangan. Grayvoron shahrida esa dronlar xususiy uylarga hujum qilishi ortidan yong‘in chiqqan. Qurbonlar haqida ma’lumot berilmagan. 

Bundan tashqari, Mash Telegram kanali Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining Belgorod viloyati bo‘yicha boshqarmasiga va yaqin atrofda joylashgan Ichki ishlar boshqarmasi binosiga hujum qilganini yozgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 may kuni Ukraina Qurolli Kuchlarining asosan ruslardan tashkil topgan harbiy qismlari – “Rus ko‘ngillilari korpusi” va “Rossiya ozodlik legioni” Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh Belgorod viloyatiga hujm boshlagan edi. Shundan so‘ng tinch aholi Belgorodni ommaviy ravishda tark eta boshlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Belgorod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing