“Urush iqtisodiyoti rejimi”. YeI harbiy sanoatni isloh qilish bo‘yicha ulkan rejani taqdim etdi

Olam

image

Yevrokomissiya kecha, 5 mart kuni Yevropa Ittifoqi tarixida mudofaa sanoati sohasida birinchi strategiya va bu sohadagi 1,5 milliard yevrolik yangi qo‘llab-quvvatlash dasturini taqdim etdi. Ushbu mablag‘lar YeI byudjetidan 2025 yildan 2027 yilgacha bo‘lgan davrda ajratilishi kutilmoqda. Bu haqda Yevrokomissiya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, dasturning maqsadlaridan biri Yevropa Ittifoqi doirasida mudofaa sanoati sohasida hamkorlik doirasini mustahkamlashdan iborat. Reja birgalikda moliyalashtirish va qurollarni buyurtma qilish, Yevropa Ittifoqi harbiy-sanoat kompleksini modernizatsiya qilish mudofaa kompaniyalarini mustahkamlash bo‘yicha boshqa chora-tadbirlarni nazarda tutadi. Dastur byudjeti, shuningdek, Yevropa Ittifoqining Ukraina bilan mudofaa sanoati hamkorligini va Ukraina mudofaa sektorining sanoat va texnologik bazasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi. 

“Biz paradigmani o‘zgartirishimiz va urush iqtisodiyoti rejimiga o‘tishimiz kerak. Bu Yevropa mudofaa sanoati ko‘proq tavakkalchiliklarni o‘z zimmasiga olishi kerakligini anglatadi. Yuqori shiddatli urushning chegaramizga qaytishiga qarshi turish uchun biz yuqorida shunga o‘tishga qaror qildik”, deydi Yevropa Ittifoqining ichki bozor bo‘yicha komissari Terri Breton.

Yevropa mudofaa sanoati strategiyasi uzoq muddatli istiqbolda yevropalik qurol ishlab chiqaruvchilarni investitsiyalarni ko‘paytirishga, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga va birinchi marta o‘zlarida mavjud bo‘lgan qurollarni birgalikda kataloglashtirishga, rag‘batlantirishga qaratilgan.

"Biz xavfsizligimiz uchun ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmamizga olishimiz, shu bilan birga, albatta, NATOdagi ittifoqimizga to‘liq sodiqligimizni saqlab qolishimiz kerak", deydi Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Margret Vestager.

Terri Breton tomonidan taqdim etilgan takliflar orasida o‘q-dorilar, qurol-yarog‘ va harbiy texnikani markazlashtirilgan tarzda sotib oladigan agentlik yaratish orqali xaridlar tizimini takomillashtirish ham bor. Yangi strategiya Yevropa Ittifoqi mamlakatlarini 2030 yilga borib kamida 40 foiz mudofaa uskunalarini birgalikda sotib olishga va 2030 yilga kelib Yevropa Ittifoqi ichidagi mudofaa savdosi qiymati Yevropa Ittifoqi mudofaa bozori qiymatining kamida 35 foizini tashkil etishini ta’minlashga chaqiradi.

Breton islohot taqdimotini e’lon qilganida aytgan yana bir taklif – inqiroz davrida qurol sotib olish bo‘yicha tenderlarda Yevropa kompaniyalariga ustuvorlik berilishi kerak. Fransiyaning “Le Monde” gazetasi Yevropadagi anonim amaldorning izohiga tayanib, Yevropadagi harbiy xaridlarning asosiy qismi qit’adan tashqarida amalga oshirilayotganini yozdi.

“2022 yildan beri qurol va harbiy texnika xaridlarining 75 foizi noyevropalik firmalarga, 68 foizi esa Amerika kompaniyalariga to‘g‘ri keladi”, deydi nashr suhbatdoshi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yevropaliklar Yevropada xaridlar ulushini kamida 50 foizga oshirishga intilmoqda. Yangi strategiyada ko‘rsatilishicha, Yevropada xaridlarning 50 foiziga 2030 yilgacha erishish rejalashtirilgan va 2035 yilga kelib bu ko‘rsatkich 60 foiz bo‘lishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Evrokomissiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made