Urush boshlanganidan beri Ukraina aholisi 10 millionga kamaygan – BMT
Olam
−
22 Oktabr
3823Rossiya bosqinidan beri Ukraina aholisi 10 million kishiga kamaygan. Frontda o‘n minglab odamlar halok bo‘lgan, yana 6,7 million kishi mamlakatni qochqin sifatida tark etgan. Bu haqda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha BMTning aholishunoslik fondi (UNFPA) direktori Florens Bauerga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
“Tug‘ilish darajasi keskin pasayib ketdi va hozirda bir ayolga bir nafar bola to‘g‘ri kelmoqda. Bu dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri. Aholi sonini barqaror saqlab turish uchun koeffitsiyent 2,1 bo‘lishi kerak”, deydi UNFPA direktori Florens Bauer.
U, shuningdek, jangovar harakatlar tufayli Ukrainada deyarli odamlar yashamay qo‘ygan hududlar paydo bo‘lganini, u joylarda faqat qariyalar va oila qurishga qodir bo‘lmagan juftliklar qolganini ta’kidlagan. Bauerga ko‘ra, urush tugaganidan keyin, aholining to‘liq soni aniq hisoblab chiqiladi, ya’ni aholini ro‘yxatga olish imkoniyati bo‘ladi.
Mamlakat Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning dastlabki olti oyi ichida Ukrainada 87 655 bola tug‘ilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizga kam. Shu bilan birga, vazirlik 250 972 o‘limni qayd etgan. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha tug‘ilgan bir nafar chaqaloqqa uchta o‘lim to‘g‘ri keladi.
BMTning joriy yil oktyabr oyi oxiridagi ma’lumotlariga ko‘ra, urush oqibatida 11 973 tinch aholi, jumladan, 622 bola halok bo‘lgan. Yana 25 943 kishi yaralangan. Harbiylar orasidagi yo‘qotishlar haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas, biroq “The Wall Street Journal” manbalari kuz fasliga kelib ikkala tomonning o‘ldirilgan va yaralanganlarning umumiy soni bir million kishiga yetganini ma’lum qilgan. Oktyabr oyi holatiga ko‘ra, Pentagon Rossiyaning yo‘qotishlarini 615 ming askarga baholagan (115 ming o‘ldirilgan va 500 ming yaralangan), Ukraina yo‘qotishlari esa 307,5 ming (57,5 ming o‘ldirilgan va 250 ming yaralangan) bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya bosqinidan oldin Ukraina aholisi Qrim bilan qo‘shib hisoblaganda 42 million kishi bo‘lgan. Biroq 2024 yil iyul oyiga kelib bu raqam 35,8 million kishiga tushgan. Ulardan 31,1 millioni Kiyev nazoratidagi hududlarda yashamoqda.
Taxminlarga ko‘ra, urush tugaganidan keyin ham aholi soni kamayishda davom etadi. 2041 yilga kelib Ukraina aholisi 28,9 million kishini, 2051 yilga kelib esa 25,2 million kishini tashkil etadi. Hukumat demografik pasayishning asosiy sabablari sifatida depopulyatsiya (o‘limning tug‘ilishdan yuqori bo‘lishi), ommaviy mehnat migratsiyasi, shuningdek, mamlakat hududining bir qismining bosib olinishi va urush bilan bog‘liq yangi muammolarni ko‘rsatgan.
LiveBarchasi