Urgutda ayol tug‘ruq vaqtida vafot etganmidi?

Jamiyat

image

Kecha, 15 iyul kuni Samarqand viloyatining Urgut tumanida 21 yoshli homilador ayol tug‘ruq vaqtida vaoft etgani haqida xabarlar tarqaldi.

Bugun, 16 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Urgutdagi voqea bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, Marhuma Ergasheva Sabina Abdurahim qizi 1998 yil 9 fevralda Urgut tuman Jartepa mahallasi Erniyoz qishlog‘ida tug‘ilgan. U Samarqand davlat chet tillar instituti ingliz tili filologiyasi fakulteti 2-kursini tugatgan.

Sabina Ergasheva 2019 yil 4 yanvarda "Homiladorlik I 12-13 haftalik" tashxisi bilan Urgut tuman 1-son markaziy shifoxonasi poliklinikasida hisobga olingan. Ayol oilasi bilan Samarqand shahrida yashashi, o‘qishi sababli homiladorlik individual kartasini 2019 yil 16 fevralda Samarqand shahar 2-son oilaviy poliklinikasiga olib ketgan.

Homilador ayol joriy yilning 2 iyul kuni soat 12:00 da Urgut tuman 1-son shifoxonasi tug‘ruq bo‘limiga qabul qilingan. Ayol tug‘ruq bo‘limida kuzatilgan va shu kuni soat 16:00 da vrachlar tomonidan ko‘rilib, “Homiladorlik I 40 hafta. Tug‘ruq I. Tug‘ruqning I davri. Bosh-chanoq nomutanosibligi. Homilaning noaniq holati. Anemiya o‘rta og‘ir darajasi. HbsAg manfiyligi” tashxisi qo‘yilgan va tug‘ruq kesar-kesish orqali olib borilgan. Chaqaloq - o‘g‘il, og‘irligi - 4600 gramm, bo‘yi - 56 santimetr holatda tug‘ilgan.

Tug‘ruqdan keyingi davr silliq kechgan, 6-7 sutkada ayolda tana haroratining ko‘tarilishi, qorin dam bo‘lishi kuzatilgan.

10 iyul kuni malakali xirurglar tomonidan ko‘rilib, “Laparotomiya. Kesar-kesishdan keyingi holat 8-sutka. O‘tkir qorin” tashxisi qo‘yilib, qayta operatsiya qilingan. Ayolda operatsiyadan keyin arterial qon bosimi tushgan, poliorgan yetishmovchiligi kuzatilgan. Malakali mutaxassislar ko‘rigi va o‘tkazilgan muolajalarga qaramay 14 iyul kuni soat 21:30 da biologik o‘lim qayd qilingan. Tanasi tegishli tartibda sud tibbiy ekspertizasidan o‘tkazish uchun Samarqand sud-tibbiy ekspertiza byurosiga olib borilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Urgut tug'ruq

Baholaganlar

157

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing