Qashqadaryoda 3 ta ayiq aholining chorva mollariga hujum qildi
Jamiyat
−
10 iyul
10851Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Urgut tumani “Soyg‘o‘s” MFY hududida 3 ta ayiq kelib, mahalliy aholining qo‘y va mollariga hujum qilayotgani haqida ma’lumot tarqaldi. Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holat Samarqand viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi va uning Urgut tumani inspeksiyasi davlat inspektorlari tomonidan tezkor tartibda nazoratga olindi.
Aniqlanishicha, ushbu holat Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari chegarasida joylashgan Kunko‘rmas dovonining Qashqadaryo viloyati hududida sodir bo‘lgan. Suv sathidan 2500-2700 metr balandlikdagi ushbu yovvoyi tabiatga tegishli bo‘lgan ayiqlarning yashash manzilida Urgut tumani “Soyg‘o‘s” MFYning cho‘ponlari ijara asosida mol va qo‘ylarini boqib kelishayotganda noyob tur hisoblangan O‘rta Osiyo qo‘ng‘ir ayiqlari to‘rt bosh echkini yeb qo‘ygan. Biroq cho‘ponlarga yoki ayiqlarga talafot yetmagan.
Shuningdek, mahalliy aholi ayiqlar 2 kun oldin kechasi “Soyg‘o‘s” MFYga 2-3 kilometr yaqinlikdagi tog‘ bag‘rida o‘suvchi mevali daraxtlarni yeyish uchun tushib kelganini ta’kidlamoqda.
“Hozirda tegishli mutaxassislar tomonidan holat nazoratga olinib o‘rganish ishlari davom etayotganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, may oyida Surxondaryoda aholi yashaydigan hududga kelib qolgan ayiq otib o‘ldirilgandi.
LiveBarchasi