Urganchdagi hibsxonada saqlanayotgan 3 kishi operatsiya qilinishi kerak
Jamiyat
−
04 Oktabr
10861Xorazm viloyati Urganch shahridagi 11-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan 3 nafar shaxsga jarrohlik amaliyotini o‘tkazish tavsiyasi berildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) axborot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, 27 sentyabr kuni hibsxonada chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etilib, unda 150 nafardan ortiq shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Tibbiy tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, 23 nafar shaxsga qandli diabet, 27 nafar shaxsga gipertoniya kasalligi, 11 nafar shaxsga yurakning ishemik kasalligi, 5 nafar shaxsga ginekologik, 15 nafar shaxsga nevrologik, 6 nafar shaxsga travmatologik, 18 nafar shaxsga dermatovenerologik va 7 nafar shaxsga ko‘z kasalliklari bilan bog‘liq tashxislar qo‘yilgan.
“Tibbiy ko‘rik natijalari bo‘yicha 1 nafar shaxsga qo‘shimcha tekshiruv tavsiya etildi, shuningdek, ambulator sharoitda davo muolajalarini olayotganlarga qo‘shimcha dori-darmonlar yozib berilgan bo‘lsa, 3 nafar shaxsga jarrohlik amaliyotini o‘tkazish tavsiyasi berildi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning birinchi yarmida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda ishlovchi 50 nafar xodimga hayfsan berilgan, 2 nafar xodim ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 3 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingandi. Avgust oyida esa Jinoyat kodeksiga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash oqibatida odam o‘limiga sabab bo‘lishi kabi holatlar uchun og‘irlashtiruvchi javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi haqidagi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.