Unutmoq osonmas sizlarni

3-sahifa

image

Mana 2024 yil ham tugab bormoqda. Bu yil O‘zbekiston uchun yaxshi yutuqlarga, muvaffaqiyatga boy yil bo‘ldi. Lekin xalqimiz yaxshiliklar bilan birga yo‘qotishlarni ham boshdan kechirdi. O‘zbek san’ati, publitsistikasi, ilm-fani, madaniyati bu yilda ko‘plab vakillarini boy berdi. Ayniqsa, o‘zbek san’ati va madaniyati ko‘plab takrorlanmas iste’dodlarini yo‘qotdi.

Turg‘un Azizov (1934-2024)

Yana bir o‘ziga xos ijodkorlardan biri, O‘zbekiston xalq artisti, aktyor va rejissyor Turg‘un Azizov 22 yanvar kuni 90 yoshida vafot etdi. Turg‘un Azizov 1934 yilning 30 noyabrida Toshkentdagi Saryog‘chi (hozirgi Beshqayrag‘och) mahallasida tug‘ilgan. U 1956 yili avvalgi O‘zbekiston Davlat teatr va rassomchilik institutini tamomlab, shu yilning o‘zidayoq hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatriga ishga qabul qilingan. Turg‘un Azizov  “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvonlariga sazovor bo‘lgan. 2001 yil “Mehnat shuhrati” ordeni, 2021 yil “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. O‘zbek xalqining sevimli aktyori Milliy teatrda faoliyat yuritib kelayotgan bir qancha yosh ijodkorlarning ustozi hamdir. Shuningdek, Turg‘un Azizov teatrda sahnalashtirilgan 200 ga yaqin asarlarda bosh rollarni ijro etgan.

U yaratgan “Sarvqomat Dilbarim”da Ilyos, “Nomus”da Sayram, “Noma’lum kishi”da Niyoz, “Monserra”da Monserra, “O‘g‘irlangan umr”da Eydzi, “Tirik murda”da Protasov, “Qirol Lir”da Edmund, “Otello”da Otello, “Mirzo Ulug‘bek”da Mirzo Ulug‘bek, “Alisher Navoiy”da Husayn Boyqaro kabi obrazlari o‘zining o‘tli yuragi, romantik ehtirosi, kechinmalari bilan o‘zbek teatr san’ati tarixida qoldi. Aktyor kino san’atida ham faol ishtirok etib, 30 dan ortiq filmlarda suratga tushgan. El sevgan “Maftuningman” filmida Bakir Nazarov, “Nodirabegim”da Amir Nasrullo obrazlarini yaratgan. Dublyaj sohasida ham samarali mehnat qilgan. U kino, teatr, radio va televideniyeda faol qatnashib, san’atda yetuklikka erishganidan keyin, teatr rejissurasida ham o‘zini sinab ko‘rdi. Jumladan, teatrda “Alisher Navoiy”, “Mirzo Ulug‘bek”, “Mehrobdan chayon”, “Yetti faryod”, “Chimildiq”, “Mashrab”, “Oltin qiz”, “Tili asalim”, “Rustam”, “Yaralangan oqqush nolasi”, “Bir koshona sirlari”, “O‘zbekcha raqs” kabi asarlarni muvaffaqiyatli sahnalashtirdi. Bu spektakllar jamoatchilik tomonidan yaxshi qabul qilindi. “Chimildiq” postanovkasi esa o‘zbek xalqining eng sevimli spektakllari qatoridan o‘rin olgan.

Abror Tursunov (2024)

"Kulol va Xurmacha" filmidagi Xurmacha roli orqali shuhrat qozongan kinoaktyor Abror Tursunov 7 fevral kuni vafot etdi. Kinoaktyor faoliyati davomida “Chinor ostidagi duel”, "Suyunchi", "Abdullajon", “Kim jinni”, “Ayollar saltanati” kabi ko‘plab filmlarda rol ijro etgan. U kinematografiya olamiga  asrning 70 yillarida kirib kelgan. Aktyor ilk bor "Chinor ostidagi duel" filmidagi Parpi roli bilan ko‘pchilikning e’tiboriga tushgan. Ushbu muvaffaqiyatidan so‘ng aktyor ijro etgan rollari soni orta boshladi. Abror Tursunov asosan kichik epizodik rollarni ijro etgan bo‘lsa-da, ular o‘zining hayotiyligi bilan tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lgan. U bosh rollardan birini maromiga yetkazib o‘ynagan "Kulol va Xurmacha" ertak filmi esa 90 yillarda ekran yuzini ko‘rgan.

Jasur Shametov (1985-2024)

Bundan tashqari, taniqli xonandalarning kliplarini suratga olgan rejissyor, klipmeyker va operator Jasur Shametov 10 fevral kuni vafot etgan. Hozircha o‘lim sabablari ochiqlanmagan.  U “Zarb”, “Gunoh”, “Poyma-poy”, “Sadoqat”, “Qalbaki dunyo”, “Achchiq hayot”, “Qalbim o‘g‘risi” kabi bir qancha badiiy filmlarda operatorlik, “Mahallada nima gap” musiqiy-komedik filmida rejissyorlik, “MTV shou” dasturida prodyuserlik qilgan. Mahoratli operator bir qancha xalqaro tanlovlarda ishtirok etgan.  Shuningdek, “Uchrashuv” badiiy filmining ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyori.
 

Ro‘zimboy Normatov (1951-2024)

Baxshichilik san’ati ham bu yilda bir qancha ijodkorlarini boy berdi. Bulardan biri, O‘zbekiston xalq baxshisi O‘zbekiston xalq baxshisi Qalandar baxshi (Ro‘zimboy Normatov) esa 29 fevral kuni 73 yoshida vafot etdi. Xorazm baxshichilik, dostonchilik maktabining yirik namoyandalaridan biri bo‘lgan Ro‘zimboy (Qalandar baxshi) Normatov 1951 yil 15 iyunda Xorazm viloyati, Shovot tumanida tavallud topgan. Qalandar baxshi xalq ijodiyotining an’anaviy xalq termalari, dostonlari, xalfa qo‘shiqlari va masxarabozlik yo‘nalishlarini o‘z ichiga qamrab olgan "Avazxon" folklor etnografik xalq ansambli badiiy rahbari sifatida ko‘p yillar faoliyat yuritgan. Shu bilan birga, Qalandar baxshi qadimiy dostonlardan "Oshiq G‘arib va Shohsanam","Tohir va Zuhra", "Oshiq Mahmud","Sayotxon va Hamro", "Go‘ro‘g‘li" dostonlari turkumiga kiruvchi "Baziryon", "Avazxon", "Xirmondal" kabi qator dostonlarni kuylagan. Shuningdek, bizgacha faqat mazmunlari orqaligina yetib kelgan qadimiy "Yusuf Ahmad" dostonining qayta tiklanib ijro etilishiga munosib hissa qo‘shgan. 2001 yilda baxshichilik sohasidagi mehnatlari uchun “O‘zbekiston xalq baxshisi” unvoni bilan taqdirlangan.

Mashrab Kimsanov (1955-2024)

2 may kunida ham o‘zbek san’ati bir yorqin vakilini boy berdi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli va iste’dodli kinoaktyor Mashrab Kimsanov 69 yoshida vafot etdi. Aktyor uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng bu yorug‘ olamni tark etgan. Qayd etish joizki, oldinroq Mashrab Kimsanov og‘ir xastalikka chalingani va to‘rtinchi insultdan keyin to‘shakka mixlanib qolgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Mashrab Kimsanov "Vodiylik kelin", "Olovli yo‘llar", "Otamdan qolgan dalalar", "Masxaraboz", “Umid”, “Zebuzar”, “Hayot mamot”, “Haqiqiy erkaklar ovi”, "Sehrli qalpoqcha", "Onaginam orzusi" kabi ko‘plab filmlarda esda qolarli rollarni ijro etgan. Shuningdek, ijodkor "Tog‘lik kuyov" filmining postanovkachi rejissyori hisoblanadi.

Chori Umirov (1938-2024)

Yana bir baxshichilik san’atida o‘chmas iz qoldirgan Chori Umirov 4 may kuni 86 yoshida vafot etdi. U chorak asrdan ziyod vaqt davomida Sherobod dostonchilik maktabiga mansub yosh baxshilarga o‘z ijodidagi dostonlarni o‘rgatib, ustozlik qilib kelgan va baxshichilik san’atiga o‘chmas iz qoldirgan. O‘zbek publitsistikasi ham qalami o‘tkir jurnalist-u shoir, shoiralarini yo‘qotdi.

Abdurauf Qorjovov (1956-2024)

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdurauf Qorjovov 7 may kuni 68 yoshida vafot etdi. Abdurauf Qorjovov 1956 yil 21 sentyabrda Samarqand viloyatining Payariq tumanida tug‘ilgan edi. 1981 yilda O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlagan. U o‘z faoliyatini “O‘zbekiston ovozi” (“Sovet O‘zbekistoni”) gazetasida musahhih, muxbirlikdan boshlagan. O‘zbekiston teleradiokompaniyasining muxbiri, bosh muharrir o‘rinbosari, bosh muharrir, direktor o‘rinbosari, “O‘zbekiston 24” teleradiokanali bosh muharriri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Abdurauf Qorjovovning “Yo‘llar va manzillar”, “Tabiatning mo‘’jizaviy ehsonlari” kitoblari, hammualliflikdagi “Sahro bo‘m-bo‘sh emas”, “Yurt farzandlari”, “Xitoy O‘zbekistonliklar nigohida” kabi ocherklar to‘plamlari nashr etilgan. “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga munosib ko‘rilgan. Shuningdek, “O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi” va boshqa ko‘plab mukofotlar bilan taqdirlangan. Abdurauf Qorjovov 2020 yildan buyon “Yangi O‘zbekiston” gazetasi tahririyatida katta muharrir, bo‘lim mudiri, iqtisodiy sharhlovchi vazifalarida ishlab kelayotgan edi.

Nasrullo Qobilov (2024)

Bundan tashqari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi va dramaturg, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Nasrullo Qobilov 13 may kuni vafot etdi. Nasrullo Qobilovning ko‘plab teatrlarda asarlari sahnalashtirilgan. Jumladan, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida uning "Mashrab", "Namrud" asarlari qo‘yilgan.  Shuningdek, u "Aktyorlik mahorati", "Aktyorning dirijyor bilan ishlashi"  va boshqa qo‘llanmalar muallifi sanaladi.

Kengesboy Serjanov (1958-2024)

15 may kuni esa O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist hamda Qoraqalpog‘iston xalq artisti Kengesboy Serjanov 66 yoshida vafot etdi. Kengesboy Serjanov faoliyati davomida O‘zbekiston davlat konservatoriyasida, Respublika estrada-sirk kollejida dars bergan. Alisher Navoiy nomidagi katta akademik opera va balet teatrida opera xonandasi sifatida sermahsul ijod qilib, ko‘plab bosh rollarni ijro etgan. U keng diapazonli, sohir ovoz sohibi edi. Serjanov ko‘plab xalqaro tanlovlar g‘olibi bo‘lgan. U taniqli opera xonandalarini yetishtirishda, mamlakatda opera san’atini rivojlantirishda salmoqli hissa qo‘shgan.

Malika Qayumova (1954-2024)

13 iyun kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Malika Qayumova 70 yoshida olamdan o‘tdi. Malika Qayumova 1954 yil Toshkent viloyatida tavallud topgan. 1976 yili Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini bitirgan. Institutni bitirgach, o‘zbek drama teatrida o‘z faoliyatini boshlagan. 1993 yildan boshlab Muqimiy nomidagi musiqali teatrda faoliyat ko‘rsatib kelgan. Bu teatrda Malika Qayumova yosh bo‘lishiga qaramasdan, onalar rolini ijro etib, teatr jamoasining ishonchini qozongan. Malika Qayumova o‘z ijodiy faoliyati davomida teatrda sahnalashtirilgan 30 dan ortiq spektakllarda bosh qahramon rollari va  xarakterli obrazlarni yuksak mahorat bilan ijro etgan. U 2011 yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.

Firudin Safarov (1933-2024)

Yo‘qotilgan o‘zbek san’ati vakillari ro‘yxati hali tugagani yo‘q. 26 iyul kuni O‘zbekiston va Ozarbayjon Xalq artisti, taniqli rejissyor, opera sahnasining ajoyib ustasi  Firudin Safarov 91 yoshda olamdan o‘tdi. Firudin Safarov sovet, ozarbayjon va o‘zbek musiqachisi, rejissyor, musiqa o‘qituvchisi bo‘lib, Ozarbayjon xalq artisti (1992), O‘zbekiston SSR xalq artisti (1986) unvonlarini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, Hamza nomidagi O‘zbekiston SSR Davlat mukofoti laureati hisoblanadi. U Toshkent davlat konservatoriyasida professorlik faoliyatini olib borgan.
 

Tursunali Mamajonov (1949-2024)

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, bir necha davlat mukofotlari sovrindori, milliy dorbozlik va polvonlik xalq jamoalari asoschisi — “Vodiy chinori” xalq dorbozlik jamoasi badiiy rahbari Tursunali polvon Mamajonov 28 iyul kuni 75 yoshida vafot etdi. Ma’lumot uchun, Tursunali Mamajonov 1949 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Marhum Farg‘ona viloyati hayvonot bog‘i tashabbuskori, faxriy ekolog bo‘lgan. Uzoq yillar mobaynida Shohimardonda tomoshalar ko‘rsatib kelgan. 1-darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Bobomurod Hamdamov (1940-2024)

O‘zbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq artisti Bobomurod Hamdamov 3 sentyabr kuni 84 yoshida vafot etdi. Bobomurod Hamdamov buyuk hofiz Komiljon Otaniyozovning munosib izdoshi edi. U 1940 yilda Turkmanistonning Chorjo‘y shahrida tug‘ilgan. Asosan 4 tilda: o‘zbek, turkman, tojik va hind tilida xalq qo‘shiqlarini ijro etgan. O‘rta maktabni tugatgandan keyin ko‘tarma kranchilar tayyorlaydigan qisqa kursni bitirib, qurilishga ishga kirgan. Ammo qo‘shiq aytishni yaxshi ko‘rgani uchun dastlab hindcha qo‘shiqlar aytgan, Komiljon Otaniyozovning Toshog‘uzdagi ansamblida ishlagan. Uning qo‘shiqlari va ijodi o‘zbek san’atining “oltin fondi”ga kiritilgan bo‘lib, yorqin xotirasi muxlislar qalbida mangu yashaydi.

Vladimir Burmakin (1937-2024)

3 sentyabr kuni esa O‘zbekiston tasviriy san’atining namoyandasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi, san’at arbobi, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi, rassom Vladimir Burmakin 87 yoshida vafot etdi. Qayd etilishicha,  asrning 70 yillari o‘rtasida Vladimir Burmakin  “Xalqlar do‘stligi” saroyi, “Paxtakor” metrosi bekati, “Mehnat zaxiralari” sport kompleksi hamda “Zarafshon” restoranining yuz qismiga bezaklar bergan. Shuningdek, turli inshootlardagi mozaikalar, Toshkent aeroporti hamda Senat binosining ichki qismidagi chizmalar, “Boysun madonnasi”, “Daraxt haqidagi qo‘shiq”, “O‘zbekiston fizika fani arboblari” singari yuzlab go‘zal asarlar muallifi sifatida nom qoldirdi. Vladimir Burmakin O‘zbekiston hamda Rossiya Federatsiyasi, Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSH, Germaniya, Bolgariya, Turkiya, Polsha va boshqa mamlakatlarda ko‘plab ko‘rgazmalarda ishtirok etgan. Uning ishlari ko‘plab muzeylar, galereyalar va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanadi. Birgina Germaniyaning Kyoln shahri yaqinida joylashgan Gummersbax shaharchasidagi EKYU-Otel galereyasida 200 dan ortiq ishlari to‘plangan. U qirq yildan ortiq Toshkent rassomchilik ta’lim muassasalarida dars berib, o‘nlab qobiliyatli rassomlarni tarbiyaladi va ular hozirda O‘zbekistonning mashhur rassomlari qatoriga kiradi.

Musaxon Nurmatov (1968-2024)

Mashhur bastakor Musaxon Nurmatov uzoq davom etgan xastalik tufayli 9 sentyabr kuni 56 yoshida olamdan o‘tdi. Musaxon Nurmatov faoliyati davomida Ozodbek Nazarbekov, Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayev, Abdurashid Yo‘ldoshev, Bahrom Nazarov, Mansurxon va Yusufxon Nurmatov kabi ko‘plab san’atkorlar bilan hamkorlik qilgan. So‘nggi yillarda uning prodyuserligida “Jurnalist” va “Qodirxon” kabi seriallar suratga olingan. 

Bibisora Turobova (1952-2024)

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoira Bibisora Turobova 15 sentyabr kuni 72 yoshida vafot etdi. Bibisora Turobova 1952 yilning 1 sentyabr kuni Samarqand (hozirgi Navoiy) viloyati Xatirchi tumanida tug‘ilgan edi. O‘z vaqtida Bibisora Turobova Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, mehribonlik uyi direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1990 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘lgan. 10 ga yaqin she’riy kitoblari nashr etilgan. Ayniqsa, “Kelinsalom” va “Men izlagan quvonch” she’riy kitoblari katta e’tibor topdi. Uning “O‘lsam janozamni bulbul o‘qisin” she’ri juda mashhur. 

Kamola Mahmudova (1976-2024)

Londonda yashab, faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik mutaxassis, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Ozarbayjondagi vakilligi rahbari Kamola Mahmudova uzoq davom etgan saraton xastaligi tufayli 27 sentyabr kuni 48 yoshida London shahrida vafot etdi. Kamola Mahmudova 1976 yil Toshkentda tug‘ilgan edi. U Khan Academy, Ezgu Amal, Yashil Buxoro kabi bir qator ta’lim, ijtimoiy va xayriya loyihalarining tashabbuskori va faol ishtirokchisi edi. U Clare universitetida biznes boshqaruvi bo‘yicha o‘qigan va hozirgacha Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Ozarbayjondagi rahbari bo‘lib kelayotgan edi. Kamola Mahmudova, shuningdek, bir qator xayriya tashkilotlari, jumladan, xususiy universitet, Buyuk Britaniyadagi Xalqaro muvofiqlik assotsiatsiyasi va ACAMS'ning Yevrosiyodagi bo‘limi asoschisi bo‘lgan. 2020 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev uni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlagan. “O‘zbekistonlik” filmining xorijda muvaffaqiyat qozongan o‘zbeklar haqidagi epizodlaridan biri Kamola Mahmudovaga bag‘ishlangan.
 

Ahmad Narzullayev (1956-2024)

O‘zbekiston Qahramoni, surxondaryolik ilg‘or fermer Ahmad Narzullayev 1 noyabr kuni 68 yoshida vafot etdi. Ahmad Narzullayev 1956 yil 15 martda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tug‘ilgan. 1979 yilda Toshkent politexnika institutini tamomlagan. Ahmad Narzullayev boshchiligidagi “Lochin” fermer xo‘jaligi 2000 yilda Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovida faol ishtirok etgan. Shu yili “Lochin” fermer xo‘jaligi viloyat bosqichida dehqon, fermer va tadbirkorlar o‘rtasida 1-o‘rinni egallagan.

Ushbu ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Ahmad Narzullayev esa ko‘rik-tanlovning “Saxovatli tadbirkor” laureatlik diplomi va esdalik sovg‘asi bilan taqdirlangan. “Tashabbus–2001” ko‘rik-tanlovida Ahmad Narzullayevga “Intizomli soliq to‘lovchi” laureatlik diplomi berilgan. U 2001 yilda Mehnat shuhrati ordeni bilan taqdirlangan, shuningdek, 2003 yilda O‘zbekiston Qahramoni unvoni berilgan.

Mansur Jumayev (1991-2024)

5 noyabr kuni esa mashhur shoir Mansur Jumayev 33 yoshida olamdan o‘tdi.  Ma’lum bo‘lishicha, u o‘z joniga qasd qilgan. Mansur Jumayev 1991 yil 17 fevralda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. U hayotining so‘nggi kunlarida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Adabiy targ‘ibot va tadbirlarni uyushtirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritayotgandi. Shoirning “Oq orzularim”, “Hayrat qo‘shiqlari”, “Hazrati ishq” nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Yaqinda “Izlam” turkumida “Biz kutgan fasl” nomli she’riy to‘plami chiqqan.  Shoir “Ota yurt”, “Oldinda bir yo‘l bor...”, “Sujud”, “Bolalik”, “Mening xatolarim”, “Esingdami, aka...”, “Ertak haqida ertak”, “Hayrat qo‘shig‘i”, “Kitobsevar qizga”, “  asr tabibi”, “Yo‘lovchi qo‘shig‘i”, “Senga deganim” singari Vatanga, el-yurtga muhabbat, insoniy va ilohiy tuyg‘ular baland pardalarda kuylangan she’rlari bilan o‘quvchilar qalbidan joy olgan.  Bir qator asarlari rus, ingliz, turk, ozarbayjon, tojik, qoraqalpoq va boshqa tillarga tarjima qilinib, nufuzli xorijiy nashrlarda e’lon qilingan.  

Mansur Jumayevning “Alfa”, “Arilar ko‘zyoshi” kabi hikoyalari nafaqat O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida, balki rus, ozarbayjon va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilinib, adabiy-badiiy jurnallarda chop etilgan. O‘zbekistonning ilm-fanining  yuksalishiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan bir qancha yirik mutaxassislar ham endi oramizda yo‘q.

Temurjon Nosirov (1941-2024)

Yana bir ilm-fanga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan, elektroenergetik tizimlarning rejimlarini tahlili va nazariyasi bo‘yicha yirik olim, akademiklarimizdan biri Temurjon Xayrullayevich Nosirov 12 noyabr kuni 83 yoshida vafot etdi. Marhum Nosirov 1941 yilning 25 iyulida Toshkent viloyatining Zangiota tumanida tug‘ilgan edi. Hayoti davomida “O‘zbekiston energomarkazi”ning bosh direktori, ToshTU energetika fakulteti professori, “Elektroenergetika” yo‘nalishining ilmiy rahbari bo‘lib ishlagan. Uning ilmiy ishlari elektroenergetika tizimlarning turli rejimlari tahlili uchun nazariy umumlashtirilgan modellari va algoritmlariga hamda avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi tizimlariga bag‘ishlangan. Akademikning “Elektr tizimi tarmoqlarining chiziqli dizayn modellari”, “Elektr tizimlarining barqaror holat rejimlari nazariyasi va hisoblash asoslari”, “Elektr energiya tizimlarining barqaror rejimlari va ularni optimallashtirish” singari asarlari bor.

Sulaymon Inoyatov (1938-2024)

Buxoro davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori va O‘zbekiston Turon fanlar akademiyasi akademigi Sulaymon Inoyatov 20 noyabr kuni 86 yoshida vafot etdi. U Otaulla Xo‘jayevning nevarasi, O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti raisi Fayzulla Xo‘jayevning jiyan nevarasi edi. Oilaning kelib chiqishi Buxorodagi mashhur Xo‘jayevlar sulolasiga borib taqaladi. Sulaymon Inoyatov Buxoro davlat pedagogika institutida tarix-filologiya fakultetini tamomlab, Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetida aspirantura yo‘nalishida o‘qiydi va Toshkent davlat universiteti tarix fakultetidagi Ilmiy kengashda tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqlagan.

Sulaymon Inoyatov Buxoro davlat pedagogika institutida kafedra mudiri, ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor, davomida universitetning tarix fakulteti dekani lavozimlarida ishlagan. Olimning jami 50 taga yaqin monografiya, risola hamda o‘quv qo‘llanmalari, 500 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan. Uning ilmiy tadqiqotlari olimlar va keng kitobxonlar ommasiga ma’lum. Sulaymon Inoyatov 2023 yilda Prezident farmoniga muvofiq “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan edi.

Muxtor Hoshimov (1948-2024)

Yo‘qotganlarimiz ro‘yxatida sport mutaxassislari ham topiladi. Uzoq yillar davomida o‘zbek futboli rivojiga hissa qo‘shgan mutaxassis Muxtor Hoshimov 26 noyabr kuni vafot etdi. Muxtor Muinovich Hoshimov 1948 yilda tavallud topgan edi. 1960 yilda “Paxtakor” futbol maktabida shug‘ullanishni boshlagan. O‘zbekiston terma jamoasi safida yoshlar kubogi sohibi bo‘lgan. Futbolchilik faoliyati davomida “Politotdel”, “Dimitrovets”, “Oq oltin” jamoalarida to‘p surgan. 1972 yilda murabbiylik faoliyatini boshlagan. 1993 yilda o‘sha vaqtdagi O‘zbekiston futbol federatsiyasida ommaviy futbol bo‘limi boshlig‘i, 2006 yildan esa musobaqalar bo‘limi boshlig‘i, keyin esa O‘zbekiston futzal assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti lavozimlarida ishlagan. Umrining so‘nggi yillarida esa O‘FA futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mita raisi sifatida faoliyat yuritgan.

Halima Ibragimova (1979-2024)

O‘zbek san’atida o‘z yo‘nalishi va uslubiga ega bo‘lgan aktrisa Halima Ibragimova esa qandli diabet kasalligi tufayli 7 dekabr kuni 45 yoshida olamdan o‘tdi. U qandli diabet kasalligi bilan kurashib kelgan. Aktrisa reanimatsiyada bo‘lgan payti vafot etgan. Halima Ibragimova 1979 yilda tug‘ilgan. U Toshkent davlat san’at instituti drama aktyorligi bo‘limida tahsil olgan. Aktrisa Mirzabek Xolmedov boshchiligidagi teatr-studiyadagi chiqishlari bilan tanilgan. U, shuningdek, ko‘plab filmlarda ham rollar ijro etgan. 

Mahkam Mahmudov (1940-2024)

Yo‘qotganlarimiz ro‘yxatida xalq suygan shoir, yozuvchilarimiz ko‘p. Afsuski, filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos va yozuvchi Mahkam Mahmudov 13 dekabr kuni 84 yoshda vafot etdi. Adib “Abadiyat lahzalari”, “Men – men emasman”, “Mangu kuy izlab” singari asarlar yozgan. Adabiyot oldidagi xizmatlari uchun unga “El-yurt hurmati” ordeni berilgan. Mahkam Mahmudov 1940 yilda Andijon viloyatining Asaka tumanida tug‘ilgan edi. U 1960 yillardan to shu kungacha gazeta va jurnal tahririyatlari hamda nashriyotlarda ishlab kelgan.

Mahmudov dastlab shoir bo‘lgan, so‘ngra nasrga ham o‘tib, tarixiy mavzular va fantastik janrda ijod qilgan. Adib “Bibixonim”, “Shohlar malikasi”, “Movarounnahr yulduzi”, “Sulton Mahmud G‘aznaviy”, “Boysung‘ur ibn Shohruh”, “Imom Zayniddin G‘azzoliy”, “Men — men emasman”, “Teskari ko‘zlar sayyorasi”, “Sirli qasr”, “Mangu kuy izlab” singari asarlar yozgan. Uning adabiyotshunos sifatida yozgan “Talant va ijod falsafasi”, “Abadiyat lahzalari”, “Hayrat va tafakkur” kabi asarlari adabiy va ilmiy jamoatchilik e’tiboriga tushgan. Mahkam Mahmudov tarjimon sifatida Aristotelning “Poetika” risolasini, Balzakning “Sag‘ri teri tilsimi” romanini, Andersen ertaklari, Stefan Sveygning “Kuygan ko‘ngil faryodi” novellalar to‘plamini (O‘tkir Hoshimov bilan), Oskar Uayldning “Yulduzdan tushgan bola”, “Sadoqatli do‘st” hikoyalari va boshqa asarlarni o‘zbek tiliga o‘girgan. Adabiyot oldidagi xizmatlari uchun unga “El-yurt hurmati” (1998) ordeni berilgan.

To‘lqin Tojiyev (1936-2024)

O‘zbekiston xalq artisti To‘lqin Tojiyev esa shu yilning 13 dekabr kuni 88 yoshda olamdan o‘tdi. U O‘zbek Milliy akademik drama teatri ustoz san’atkori, o‘zbek dublyaj san’atining qiroli sifatida ko‘rilgan. U quyidagi filmlardagi qahramonlarga dublyajda ovoz bergan: "Qilich va qalqon", "Alvon yelkanlar", "Ahmed qayerda?", "Ayoz bobo", "I" operatsiyasi va Shurikning boshqa sarguzashtlari", "Arshin mol olon", "U zamonlar o‘tib ketdi", "Avtomobildan saqlaning", "Alovuddinning sehrli chirog‘i", "Kavkaz asirasi", "Finist sarlochin" Tojiyev kinodagi rollari bilan ham tanilgan: Jurjoniy ("Abu Ali Ibn Sino"), Hakim ("Ikkinchi bahor"), Mahmud ("Mahallada duv-duv gap"), Quddus ("Besh og‘aynilar"), Omon ("Bu yerdan chegara o‘tadi", 3 qismli), Tog‘ayev ("Siz kimsiz?"), Qodirov ("Qora baliq izi", besh qismli, "Lenfilm"), Hasanov ("Hayot sening qo‘lingda") va boshqalar. Shuningdek, u radioda "Tabassum" eshittirishi, "Qarmoq" satirik radiojurnalining boshlovchisi sifatida tanilgan. To‘lqin Tojiyev 1997 yilda "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlangan. 

Shafoat Rahmatullayeva (1941-2024)

Mana shu o‘tgan yaqin kunlarda yana bir el suygan san’at vakilasi oramizni tark etdi. O‘zbekiston xalq artisti – teatr va kino aktrisasi Shafoat Rahmatullayeva 24 dekabr kuni 83 yoshida vafot etdi. U ko‘p yillar davomida teatr sohasida faoliyat yuritib kelgan. Shuningdek, kinofilmlarda turli rollarni ham ijro etgan. Shafoat Rahmatullayeva musiqiy va dramatik hamda komediya, tragediya janrlaridagi spektakllarda ijod qilgan: Maysara (Hamza, “Maysaraning ishi”), Narzi (Z. Fatxullin, “Vatan ishqi”), Poshsha xola, Zebo (M. Boboyev, “Qaydasan, jon bolam”, “Yer tomiri”), Gonorelya (U. Shekspir, “Qirol Lir”), Zuhra (Abdulla Qahhor, “Og‘riq tishlar”), Jurden xonim (Moler, “Soxta oqsuyak”), Tosh xola (J. Mahmudov, “Ayollar fig‘oni”), Ma’mura kampir (Jan Sarron, “Ma’mura kampir”) kabi rollari bilan tanilgan. 1995 yil Poshsha xola va Ma’mura kampir rollari uchun yilning “Eng yaxshi ayol roli” sovrini bilan taqdirlangan. 

Aytishimiz joizki, bugun eslab o‘tgan barcha san’at va madaniyat, adabiyot, ilm-fan va sport mutaxassislarini o‘zbek xalqi hech qachon unutmaydi. Ularning qilgan ishlari hali ko‘p yillar davomida O‘zbekiston san’atini, madaniyati va ilm-fanini yuksalishiga qo‘l keladi.

Jasmina Rasulova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Unutmoq osonmas sizlarni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar