UNICEF milliardlab bolalarni qiynayotgan muammo haqida ma’lumot berdi

Olam

image

Butun dunyo bo‘yicha taxminan 3 dan 17 yoshgacha bo‘lgan 1,3 milliard bolaning uyida internet mavjud emas. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda 36 million o‘g‘il-qizning uyda internet yo‘q – bu mintaqadagi barcha maktab o‘quvchilarining 42 foizini tashkil etadi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) va Xalqaro elektraloqa ittifoqining (XEI) yangi hisobotida aytilgan.

Yangi ma’ruza mualliflarining ta’kidlashicha, 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, ya’ni talabalar ham xuddi ana shunday muammoga duch kelmoqda. Butun dunyoda ularning 759 millionida internet yo‘q.

“Shuncha bolalar va yoshlarning uyda internetga kirish imkonining yo‘qligi, bu ulkan raqamli bo‘linish, haqiqiy raqamli tafovut belgisidir”, dedi UNICEF ijrochi direktori Genriyetta For.

Uning fikricha, dunyo bo‘ylab internetdan mahrum bo‘lgan bolalar turli xil qiyinchiliklarga duch kelishadi. Ular butun dunyodan ajralib qolishadi va zamonaviy iqtisodiyotda raqobatdosh bo‘la olishmaydi. COVID-19 sababli maktablar yopilgan ayni vaziyatda bu holat bolalar va yoshlarning ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishiga olib keladi.

“Ochig‘ini aytamiz: internetga kirishning imkonsizligi yosh avlodni kelajakdan mahrum qiladi”, deydi UNICEF rahbari.

COVID-19 tufayli maktablarning yopilishi dunyo bo‘ylab taxminan chorak milliard o‘quvchiga u yoki bu tarzda ta’sir ko‘rsatdi. Yuz millionlab talabalar virtual ta’limga tayanishga majbur bo‘ldi. Internetga ega bo‘lmaganlar uchun ta’lim olish umuman imkonsiz darajaga yetdi.

Ko‘plab yoshlar pandemiyadan oldin ham XXI asr iqtisodiyotida raqobatlashish uchun raqamli va tadbirkorlik qobiliyatiga ega emasdi. COVID-19 pandemiyasi raqamli tafovutni yanada kuchaytirib, mamlakatlar va hamjamiyatlarni ajratib turgan tengsizlik darajasini davom ettirmoqda.

Kambag‘al oilalar hamda kam ta’minlangan mamlakatlardagi bolalar va yoshlar o‘z tengdoshlaridan yanada ortda qolmoqda. Kam ta’minlangan mamlakatlarda maktab yoshidagi har 20 nafar bolaning 1 nafari, boy davlatlarda esa har 10 boladan 9 nafari internetdan foydalanish imkoniyatiga ega.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tengsizlikdan eng ko‘p qishloq bolalari aziyat chekmoqda. “Qishloq aholisini internetga ulash qiyinligicha qolmoqda”, dedi Xalqaro elektraloqa uyushmasi Bosh kotibi Xoulin Chjao. U 2020 yilda qishloq joylarining muhim qismi internet bilan qamrab olinmaganligini eslatib o‘tdi.

Ayrim faktlarga e’tibor qaratsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Uyda internetga ega bo‘lmagan 3 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan maktab yoshidagi bolalar:

•  G‘arbiy va Markaziy Afrikada – 95 foiz;

•  Sharqiy va Janubiy Afrikada – 88 foiz;

•  Janubiy Osiyoda – 88 foiz;

•  Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada – 75 foiz;

•  Lotin Amerikasi va Karib hafzasi mamlakatlarida – 49 foiz;

•  Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda – 42 foiz (36 million);

•  Sharviy Osiyo va Tinch okeani mintaqalarida – 32 foiz (183 million);

•  Butun jahonda – 67 foiz (1,3 milliard)ni tashkil etadi.

Yangi ma’ruza mualliflarining ta’kidlashicha, internetga kirishning haqiqiy holati bugungi kunda keltirilgan ko‘rsatkichlardan ham yomonroq. Bolalarni raqamli texnologiyadan bahramand bo‘lishiga to‘sqinlik qiladigan boshqa ko‘plab omillar mavjud. Ulardan biri bu raqamli ko‘nikmalarning past darajada ekanligidir. Bundan tashqari, bolalar uyda internet bo‘lsa ham, oilada yetarli miqdorda gadjet yo‘qligi sababli ham ular tarmoqqa kira olmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

UNICEF COVID-19

Baholaganlar

23

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing