UNESCO Bosh Assambleyasi sessiyasi ilk bor O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi
Jamiyat
−
23 noyabr 2023
5182UNESCO Bosh Assambleyasining navbatdagi 43-sessiyasi O‘zbekiston taklifiga ko‘ra Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
“Fransiya poytaxtida o‘tayotgan UNESCO Bosh Assambleyasining 42-sessiyasida O‘zbekistonning navbatdagi, 43-sessiyani 2025 yilda Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlandi va tegishli qaror qabul qilindi”, deydi u.
Qayd etilishicha, 40 yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta UNESCO Bosh Assambleyasi sessiyasi Parijdan tashqarida bo‘lib o‘tadi.
"Bu diplomatik muvaffaqiyat", degan 42-sessiya raisi Simona-Mirela Mikulesku mazkur qarorni e’lon qilar ekan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham mamlakatning barcha xorijiy hamkorlari va sheriklariga mazkur qarorni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan.
“Mintaqamizda birinchi marta o‘tadigan ushbu muhim global miqyosdagi tadbir xalqaro hamjamiyatga O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarining ulkan sivilizatsion salohiyatini yana bir bor namoyish etishga xizmat qiladi, deb ishonaman”, deydi Prezident.
Shuningdek, Mirziyoyev O‘zbekiston bo‘lajak sessiyani eng yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun barcha kuchini safarbar etishini bildirgan.
Ma’lumot uchun, UNESCO Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha ixtisoslashgan agentligi sanaladi. U 1945 yil noyabr oyida tashkil etilgan va shtab-kvartirasi Parijda joylashgan. Tashkilotga 193 ta davlat a’zo.
LiveBarchasi