O‘n minglab migrantlar Ispaniyaning Seuta shahriga bostirib kirdi (video)
Olam
−
17:17 417 3 daqiqa
Afrika qirg‘oqlarining shimolida joylashgan va Marokash bilan chegaradosh bo‘lgan Ispaniyaning Seuta avtonom shahriga 49 mingdan ortiq noqonuniy migrant bostirib kirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 30 iyul kuni boshlangan Marokashdan noqonuniy kiruvchilar oqimining keskin ortishi bir sutka ichida anklavda gumanitar inqirozni keltirib chiqargan. Mamlakat Bosh vaziri Pedro Sanches Seutaga qo‘shin yuborishga farmoyish bergan. Parallel ravishda diplomatik mojaro avj olmoqda: Italiya Ispaniya bilan Shengen kelishuvi amal qilishini vaqtincha to‘xtatishga chaqirgan.
Seuta ma’muriyati 30 iyul tongidan boshlab xavf singnalini chalib, oxirgi hafta ichida shaharga Marokashdan 1,5 mingdan ortiq migrant yorib kirganini ma’lum qilgan. 30 iyul kechqurunga kelib Ispaniya OAVlari 2–3 ming kishilik noqonuniy migrantlar to‘lqini haqida yozgan, bugun, 31 iyul ertalabga kelib esa mamlakat IIV chegarani noqonuniy kesib o‘tgan 49 ming kishi haqida hisobot bergan. Vaholanki, Seuta aholisi rasman 80 ming kishidan sal ko‘proqni tashkil qiladi. Ispaniyaga yetib olishga urinish paytida kamida 19 ming migrant halok bo‘lgan.
“Men yoshligimdan Ispaniyaga ko‘chib o‘tishni orzu qilardim, shuning uchun Seutaga keldim. Ispaniyada professional futbolchi bo‘lishga umid qilaman! Men bularning barchasini oilam uchun qilyapman”, deydi qochqinlardan biri.
Mahalliy xavfsizlik kuchlari bunday noqonuniy migrantlar to‘lqinini to‘xtatib qola olmagan. Ispaniya Bosh vaziri Sanches shaharga shaxsan o‘zi borishga va’da bergan. Mamlakat Ichki ishlar vaziri chegara nazoratini kuchaytirish to‘g‘risida farmoyish chiqargan.
Ispaniya OAVlari ayni paytda Seutaga kirgan migrantlarning ba’zilari Marokashga qaytib ketayotganini xabar qilmoqda. “El Pais” shaharga kirganlar oziq-ovqat va tunash uchun joylar yetishmasligidan, shuningdek, mahalliy aholining munosabatidan shikoyat qilganini yozmoqda.

Migratsiya inqirozi diplomatik mojaroni keltirib chiqargan. Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni Seutadan olingan kadrlar unda “shok paydo qilayotganini” aytgan, Madriddagi so‘l hukumatni migratsiya siyosati uchun tanqid qilgan va Ispaniya bilan Shengen kelishuvi amal qilishini to‘xtatish bilan tahdid qilgan. Uni Italiya Tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani qo‘llab-quvvatlagan.
“Men Ispaniya bilan Shengen hududini yopishni qo‘llab-quvvatlayma. Noqonuniy va nazoratsiz immigratsiya – milliy xavfsizlikka tahdid. Seutadan olingan kadrlar shuni ko‘rsatadiki, Madrid hukumatining 500 mingdan ortiq noqonuniy migrantlarga Ispaniya, demakki, Yevropa fuqaroligini berish to‘g‘risidagi qarori chuqur xato bo‘lgan”, deydi Tayani.
Ispaniya hukumatiga nisbatan keskin tanqid bilan mahalliy muxolifat ham chiqqan. Ispaniya konservativ Xalq partiyasi hokimiyatni “chegara ustidan samarali nazoratni” qaytarishga va “noqonuniy kirib kelganlarning barchasini” haydab chiqarishga chaqirgan. O‘ta o‘ng “Vox” partiyasi yetakchisi Santyago Abaskal esa inqirozda shaxsan Pedro Sanchesni ayblagan.
Mamlakat hukumati inqiroz sabablarini “mafiya va jinoiy tashkilotlar” Ispaniya Oliy sudining iyul boshidagi qaroridan foydalanib qolgani bilan izohlagan. Sud qaroriga ko‘ra, Seutaga yetib olishga urinish paytida dengizda qo‘lga olingan migrantlar soddalashtirilgan tartibda ortga qaytarilishi mumkin emas. TIV rahbari Albares italiyalik hamkasbiga javob berayotib, aynan sudning ushbu qaroriga havola keltirgan va hukumatning harakatlari inqirozga olib kelmaganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Seuta va Melilya – Afrikaning shimoliy qirg‘og‘ida joylashgan va Yevropadan Gibraltar bo‘g‘ozi orqali ajralib turgan Ispaniyaning ikki avtonom shahridir. Bu ikki shaharda Yevropa Ittifoqining Afrika bilan yagona quruqlikdagi chegarasi o‘tadi.
Seuta migrantlar oqimi sababli bunday inqirozga birinchi marta duch kelayotgani yo‘q. 2021 yilda, hokimiyat baholashiga ko‘ra, shaharga noqonuniy ravishda 10 mingdan ortiq kishi kirib borgan. Biroq bu hozirgidan bir necha baravar kam.
Live
Barchasi