Umradan qaytgan ayol oyog‘i ostiga bola yotqizildi (video)

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Umra ziyoratini ado etib kelgan ayolni kutib olishda uning qadami ostiga sholchalar, kiyimlar to‘shalgani, yosh bolani ziyoratchining oyog‘i ostiga qo‘yilishi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi munosabat bildirdi.

“Haqiqatda umra ibodatiga borib kelayotgan ayrim ziyoratchilar va ularning yaqinlari bilgan yoki bilmagan holda riyokorlikka yo‘l qo‘yishi kuzatilmoqda. Ba’zi hollarda umra safaridan kelganlarni dabdabayu as’asa ila kutib olish, ko‘cha boshidan poyandozlar solish holati ko‘paymoqda. Bu kabilar dinimizga mutlaqo zid bo‘lib, unday ishlarni qilayotganlar o‘ta johil va nodon kishilardir. Ehtimol bu ishlari bilan ular o‘zlarining Allohning baytiga bo‘lgan ehtiromlarini yoki uni tavof qilib kelgan kishiga nisbatan hurmatlarini ifodalamoqchidir. Lekin ibodatga hurmat-ehtirom bu tarzda namoyon qilinmaydi. Aksincha, bu riyokorlik va og‘ir gunoh”, deyiladi xabarda.

Fatvo markazining qayd etishicha, dinda ibodatni odamlarning ko‘zidan yashirishga, ko‘z-ko‘z qilmaslikka buyuriladi. 

“Riyokorlik – odamlar ko‘rishi uchun bir ishni qilish. Chunki undan Allohning roziligi emas, balki bandalarning ko‘rishi nazarda tutilgan bo‘ladi. Musulmon kishi har bir ishni qilishda Alloh taoloning roziligini qasd qilishi lozim. Agarda kishi bir amalga “odamlar meni ko‘rib qo‘ysin”, degan qasd bilan kirishsa, shu amali bekorga ketib, ustiga-ustak gunohkor ham bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Fatvo markazi dabdabali marosimlar uchun qilinadigan sarf-xarajatlarni tejab, yon-atrofdagi muhtoj kishilarga berishga hamda ta’lim yo‘lida sarflashga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing