Umra litsenziyasi uchun yangi talablar e’lon qilindi
Jamiyat
−
13 Oktabr
119552024 yil 9 oktyabr kuni “Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 300-sonli qarori qabul qilindi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturi xabar berdi.
Ma’lumki, 2024 yil 2 iyulda qabul qilingan 935-sonli qonun bilan joriy yil 5 oktyabrdan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Umra xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya beruvchi vakolatli organ sifatida belgilandi. Vazirlar Mahkamasining 300-sonli qarori bilan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita litsenziyasining shartlari e’lon qilindi. Xususan, quyidagi litsenziya talab va shartlari joriy etilmoqda:
- 1 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ni “Ziyorat jamg‘armasi”ga zaxira qilib qo‘yish;
- Ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassisni tayinlash;
- Turfirma shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bir nafar mutaxassisning mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumot;
- Voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat ko‘rsatmaslik;
- O‘z faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik;
- Ziyoratchilar uchun Saudiya Arabistonining faqat “Umra vizasi”ni rasmiylashtirish – boshqa viza bilan olib borish noqonuniy hisoblanadi;
- Umra xizmatlari Saudiya Arabistoni podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish va ular ko‘rsatadigan xizmatlar uchun to‘lovlarni bank muassasalari orqali amalga oshirish;
- Ziyoratchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish, xususan o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatishni ta’minlash;
- Xalqaro yo‘nalishda 2 yildan kam bo‘lmagan tajribaga ega, bu davrda yo‘lovchi tashishning xalqaro va milliy qonunchilik talablarini buzmagan aviakompaniya bilan hamkorlik qilish;
- Ziyoratchilarni yuborishdan oldin ularga borish va qaytish aviachiptalarini xarid qilish;
- Ziyoratchilarni toifasi 3 yulduzdan kam bo‘lmagan mehmonxonalarga joylashtirish;
- Umra xizmatini 3-davlatlar orqali ko‘rsatmaslik;
- Xizmatlarni litsenziyada ko‘rsatilgan manzildan boshqa joydagi vakolatxona yoki filial orqali ko‘rsatmaslik.
Umra ziyorati xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya sohasidagi qonunbuzarlik uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarima miqdori BHMning 200 baravari (75 million so‘m) etib belgilangan.
LiveBarchasi