O‘zbekistonliklar xorijda diniy ta’lim olish bo‘yicha ogohlantirildi

Jamiyat

image

So‘nggi vaqtlarda ayrim shaxslar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarni diniy ta’lim olish uchun chet elga chaqirish holatlari kuzatilmoqda. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita o‘zbekistonliklarni mazkur holat bilan bog‘liq reklamalardan ogohlantirdi.

Qayd etilishicha, hozirda Misr, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Rossiya Federatsiyasi kabi mamlakatlardagi diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga borishga da’vat etuvchi chaqiriqlar va reklama e’lonlari keng tarqatilayotganini ko‘rish mumkin.

Ushbu e’lonlarda ta’lim maskanlari go‘yoki “qonuniy” yoki “rasmiy” sifatida ko‘rsatilsa-da, amalda ular O‘zbekiston Respublikasining tegishli idoralari tomonidan tan olinmagan hamda o‘sha mamlakatlardagi noqonuniy yoki ruxsatsiz faoliyat yurituvchi o‘quv markazlari hisoblanadi. Bu o‘rinda “rasmiy diniy ta’lim” iborasidan, asosan, ko‘proq talabgorlarni jalb etish maqsadida foydalanilmoqda.

Bildirilishicha, bunday chaqiriqlar ko‘pincha diniy aqidaparastlik va mutaassiblik g‘oyalarini singdirish, yoshlarni noto‘g‘ri yo‘lga boshlash va ularning dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatish xavfini o‘zida mujassam etadi. Shu sababli, ota-onalar farzandlarining kimlar bilan muloqot qilayotganiga, internetda qanday ma’lumotlarni o‘qiyotganiga va qanday takliflarga javob berayotganiga e’tiborli bo‘lishlari shart.

“Shundan kelib chiqib, fuqarolarga rasmiy diniy ta’lim faqatgina O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimdagi ta’lim muassasalarida berilishi, turli shaxslarning targ‘ibotiga uchmaslikni eslatgan holda, diniy bilimlarni o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojlarini ushbu ta’lim muassasalari imkoniyatlari orqali qondirishni tavsiya etib qolamiz”, deyiladi xabarda.

Shu o‘rnida ta’kidlash lozimki, xorijiy diniy ta’lim muassasalari diplomlari O‘zbekiston hududida diniy sohada faoliyat yuritish uchun asos bo‘lmasligi, ta’limdan so‘ng ishga joylashishda noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin.

“Aziz ota-onalar! Farzandingiz taqdiriga befarq bo‘lmang. Ularga ma’naviy sog‘lom muhitda, mamlakatimizda mavjud xavfsiz ta’lim maskanlarida ilm-u ma’rifat berish — farzandlar  asrashning eng to‘g‘ri va ishonchli yo‘lidir!” deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, hozirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida 4 ta oliy va 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shu bilan birga, 2018 yildan buyon hududlardagi 28 ta “Qur’on va tajvid” kurslarida 77 mingga yaqin fuqaro ta’lim olgan. Diniy idoraning “Muslim.tv” internet platformasida barcha yosh toifalari uchun mo‘ljallangan onlayn Qur’oni tajvidi darslari tashkil etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Migratsiya agentligi xorijdagi o‘zbekistonliklarni qurolli mojarolarga aralashmaslik bo‘yicha ogohlantirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Din ishlari bo'yicha qo'mita diniy ta'lim aqidaparastlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing