“Qudratingizning cheki yo‘q”. Sobiq ittifoq mamlakatlari rahbarlari Putinni qanday tabrikladi?
Tahlil
−
12 iyun 2020
25593Rossiyada har yilgi an’naga sodiq qolgan holda 12 iyun kuni – Rossiya kuni sifatida nishonlanmoqda. Ushbu kun munosabati bilan davlat rahbarlari mamlakat Prezidenti Vladimir Putinga tabrik maktublarini yo‘lladilar. Bu ro‘yxat avvalida sobiq ittifoq mamlakatlari rahbarlarini ko‘rish mumkin.
Eng otashli tabriknoma Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan yo‘llangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qozog‘iston rahbari Vladimir Putinni va barcha ruslarni milliy bayram – Rossiya kuni bilan samimiy tabrikladi.
“Rossiya Federatsiyasi ushbu muhim sanani o‘zining yaqin tarixidagi xalqaro barqarorlik va xavfsizlikka ulkan hissa qo‘shadigan, yangi tahdidlarga qarshi turadigan va jahon hamjamiyati a’zolari o‘rtasida o‘zaro manfaatli va adolatli hamkorlikni rivojlantiradigan qudratli va nufuzli kuch sifatida nishonlamoqda. O‘zingiz ishlab chiqqan strategik yo‘nalishga qat’iy amal qilib, Rossiya davlat qurishning ko‘p asrlik an’analarini muvaffaqiyatli rivojlantirmoqda va jamiyat hayotining barcha sohalarini modernizatsiya qilishni izchil amalga oshirmoqda”, deydi Qosim-Jomart To‘qayev.
Qozog‘iston Prezidenti, shuningdek, ruslarning vatanparvarlik va birdamlik g‘oyalariga sodiqligi, vatanlari bilan faxrlanishi va porloq kelajakka qat’iy ishonishi barqaror taraqqiyot va Rossiya davlati farovonligining garovi ekanligini ta’kidlagan.
Qosim-Jomart To‘qayev Vladimir Putinga Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik va ittifoqchilik rishtalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan samarali sa’y-harakatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirgan.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev boshqa davlat rahbarlariga qaraganda ertaroq otni qamchilab, bir necha kun avval Putinga tabriknoma yo‘llagan.
“Rossiya Federatsiyasi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarda rivojlanish, taraqqiyot va o‘zgarish yo‘lida qat’iy qadam tashlamoqda. Faol tashqi siyosat mamlakatingizning jahon miqyosidagi mavqeini mustahkamlash uchun ishonchli asosdir.
Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar yuqori darajada ekanligini mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman. Xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash an’analari ozarbayjon-rus ko‘p qirrali hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ishonchim komilki, ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi barcha vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va keng qamrovli hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Fursatdan foydalanib, Ozarbayjon xalqining koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish davrida Rossiya xalqi bilan birdamligini izhor etaman.
Sizga, aziz Vladimir Vladimirovich, mustahkam sog‘liq, muvaffaqiyatlar va barcha ruslarga farovonlik va farovonlik tilayman”, deyiladi Aliyevning tabrik maktubida.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida ko‘p yillardan buyon davom etib kelayotgan Qorabog‘ mojarosida ozarbayjonlik mahalliy va xalqaro ekspertlar Rossiyani Armanistonni qurol-yarog‘ bilan ta’minlashda ayblab keladi. Shunga qaramay, Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi aloqalar izchil davom etmoqda. O‘tgan yili Vladimir Putin Ozarbayjon Respublikasi vitse-prezidenti – mamlakat birinchi xonimi Mehribon Aliyevani “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlagan edi.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham qatordan qolmay, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni milliy bayram - Rossiya kuni munosabati bilan tabrikladi.
Armaniston rahbari Putinga sihat-salomatlik va muvaffaqiyatlar, rus xalqiga esa tinchlik, farovonlik tiladi. U ushbu bayram mamlakatning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy yutuqlari, shuningdek, uning xalqaro maydondagi rolini kuchaytirish bilan chambarchas bog‘liqligini ta’kidladi.
“Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi strategik aloqalar xalqlarimiz farovonligi uchun barqaror rivojlanmoqda va Armaniston-Rossiya hamkorligi deyarli barcha sohalarda mustahkamlanib, kengayishda davom etmoqda", deya ta’kidladi Bosh vazir.
Pashinyan ko‘p asrlik do‘stlik va ishonch tarixi, xalqlar o‘rtasidagi qardoshlik aloqalari xalqaro tuzilmalar va integratsiya ittifoqlarida konstruktiv hamkorlik va o‘zaro yordam uchun mustahkam poydevor ekanligini ta’kidladi.
“Yaqin kelajakda mamlakatlarimiz jiddiy global tahdidlar bilan bog‘liq vaqtinchalik qiyinchiliklarni yengib, an’anaviy yaqin hamkorlikni tiklay olishiga deb umid qilaman", deydi u.
Oxirgi vaqtlarda nafaqat MDH mamlakatlari, balki butun dunyo diqqat markazida bo‘lib turgan Aleksandr Lukashenko Rossiya tojdoriga tabrik yo‘llarkan, mamlakatning qudratini tan olish barobarida, uning ulug‘vorligini alohida urg‘uladi. Lukashenko o‘z tabrigida shunday deydi:
"Bu kun Rossiya davlatining qudrati va ulug‘vorligini, uning ko‘p asrlik tarixi, boy madaniyati va an’analari bilan faxrlanishni anglatadi. Belarus qardosh xalqlarning kuchli va gullab-yashnayotgan Rossiyani barpo etish, odamlar uchun munosib hayot sifati va farovonligini oshirishdagi muvaffaqiyatlarini katta hurmat qiladi.
Hozirgi va yangi yutuqlarning kaliti – bu ruslarning ko‘plab avlodlari ilhomlantirgan bunyodkorligi, ularning birligi, Vatanga muhabbat va sadoqatidir”.
Belarus rahbari o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan konstruktiv davlatlararo muloqot ikki mamlakat aholisining tub manfaatlariga javob berishiga va mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga yordam berishiga ishonch bildirdi.
Aleksandr Lukashenko, shuningdek, Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin, Federal Majlis Federatsiyasi Kengashi raisi Valentina Matviyenko, Federal Majlis Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodinga tabriklar yo‘lladi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov esa o‘z tabrigida Rossiya va uning bugungi muvaffaqiyatlarini bevosita Vladimir Putin faoliyatiga bog‘ladi. U tabrigida Rossiyani emas, Putinni ko‘proq maqtagandek.
"Buyuk tarix va madaniyat, ulkan yutuqlar va betakror tabiiy boyliklarga ega, ko‘plab xalqlarni va o‘ziga xos madaniyatlarni ulkan makonda birlashtirgan Rossiya sizning bevosita ishtirokingiz bilan davlat qurishda ulkan yutuqlarga erishdi. Bugungi kunda uning rivojlanishi va xalqaro nufuzi sizning ismingiz bilan uzviy bog‘liqdir. Rossiya Federatsiyasi tomonidan milliy manfaatlar, fuqarolik kelishuvi va ma’naviy qadriyatlarni himoya qilish uchun tanlangan yo‘nalish mamlakatning izchil rivojlanishining garovidir.
Qirg‘izistonda ular umumiy tarixiy merosni qadrlashadi va Qirg‘iziston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalarini rivojlantirishga, yirik qo‘shma iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga, shuningdek, Yovrosiyo hududidagi integratsiya jarayonlariga qo‘shgan hissangizni qadrlashadi.
Ishonchim komilki, Qirg‘iziston-Rossiya munosabatlari ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning barcha sohalarida ittifoqchilik va strategik sheriklik ruhida davlatlarimizning ravnaqi yo‘lida izchil va samarali rivojlanib boraveradi”, deydi Qirg‘iziston rahbari.
Sooronbay Jeenbekov Vladimir Putinga sihat-salomatlik va davlat faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, Rossiya xalqiga tinchlik va farovonlik tilagan.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va Tojikiston Respublikasi Prezizidenti Imomali Rahmonning tabrigidan hanuz darak yo‘q. Mahalliy OAV, Prezident Matbuot xizmati va mamlakatlar Tashqi ishlar vazirliklari Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga tabrik yo‘llangani haqida miq etgani yo‘q. Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev taraflarda ham sukunat hukmronlik qilmoqda.
Shu qatorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga tabrik yo‘llagan. Bu haqda xabar bergan Prezident Matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyevning Putinga tabrigida nimalar aytilganini ochiqlamagan.
LiveBarchasi