O‘lim jazosi qayta tiklanadimi?
Tahlil
−
12 iyul
10244Kutilmagan takliflari bilan doim muhokama va munozaralarni boshlab beradigan deputat Alisher Qodirov yana bahsli fikrni ilgari surib, jamoatchilikni ikkiga bo‘ldi. Kecha, 11 iyul kuni Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari va “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov o‘lim jazosini tiklash kerakligiga shama qilib post joyladi.
“Kecha yosh bir yigitga 20 marta pichoq urib o‘ldirgan jinoyatchi sudda pushaymonligini aytib, 17 yilga qamaldi. 25 yoshli bu maxluq qamoqdan 42 yoshida jamiyatga kim bo‘lib qaytadi? Hayvonlashib ketgan jinoyatchini soliqlarimiz hisobiga sog‘ligini saqlab, qornini to‘ydirib, boshqa inson bo‘lib qolishini kutib o‘tirish-mantiqsiz!
Bundaylardan jamiyatni tozalash kerak! Bolalar va begunoh aholi qirg‘iniga yuzsizlarcha ko‘z yumib, dunyoga insonparvarlikdan dars berayotganlarning insonqarashiga moslashishga majburmizmi? Bu maxluqlar nafaqat bugun, balki kelajakdagi pro-maxluqlarga namuna-ustoz bo‘lib xizmat qilishini unutmaslik kerak”, deb yozdi Qodirov.
3 yoshli bolaning bir erkak tomonidan 12 marta pichoqlab o‘ldirilishi haqidagi dahshatli voqea fonida ko‘pchilik o‘lim jazosini tiklash tashabbusini qo‘llab-quvvatlayapti. Ayniqsa, Qodirovning mahbuslar soliqlar hisobidan boqilishini qistirib o‘tgani boshqalarni ham “ilhomlantirib yubordi”. Alisher Qodirovning Facebook sahifasida qoldirgan postiga yozilgan izohlarning talayginasi jinoyatchilarni o‘ldirish kerakligi haqida. Ammo o‘lim jazosi tiklanishiga qarshi fikr bildirganlar va bu taklif partiya rahbaridan chiqqanidan ajablanganlar ham bor.
Iqtisodchi Otabek Bakirov X (Twitter)dagi shaxsiy sahifasida parlamentning ikkinchi partiyasidan bunday taklif chiqishini dahshat deb atadi va o‘lim jazosidan saroydagi “masxarabozlar” ham sug‘urta qilinmaganini eslatib o‘tdi.
"Janob Qodirov diktatura va totalitar jamiyatlarda o‘lim jazosi eng avvalo siyosiy raqiblar va o‘zgacha fikrlovchilarga qarshi qo‘llanilishini bilmasligi mumkin emas. Mustaqil sudning yo‘qligi hisobga olinsa, bu Stalincha troykaning tiklanishi bo‘ladi.
O‘lim jazosini tiklash, harbiy-siyosiy ittifoqlarga kirish, xorijiy davlatlarning harbiy bazalarini joylashtirish kabi mustaqil davlat va erkin jamiyat asoslarini yemiradigan takliflar tabu mavzular bo‘lishi kerak”, deb yozdi Bakirov.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev esa o‘lim jazosini tiklash kerak deganlarga Konstitutsiya kitobini sovg‘a qilish taklifini berdi. U Qodirovning fikriga umuman qo‘shilmasligini bildirib, sababini quyidagicha izohlagan:
“Birinchidan, o‘lim jazosi ehtimoliy noxolis o‘tkazilgan tergov yoki noto‘g‘ri chiqarilgan hukm ta’sirida jazolangan begunoh insonning hayoti butunlay yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin. Tarix tirik guvoh. Sud qarori qanchalik adolatli ko‘rinmasin, yillar o‘tib jinoyatchi aslida umuman boshqa shaxs bo‘lganligi aniqlangan keyslar juda ko‘p. Misol uchun kannibal Chikatilo Uning qotilligi deb boshqa inson o‘lim jazosiga hukm qilingan.
Ikkinchidan, o‘lim jazosi jinoyatchilik darajasiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Jinoyatlardan tiyib turadigan samarali vositalardan biri jazoning shafqatsizligida emas, muqarrarligida namoyon bo‘ladi. Qolaversa, o‘zga bir insonning umriga nuqta qo‘yishga sababchi bo‘lgan qotilga o‘lim jazosini bersak, o‘sha vahshiy kimsadan farqimiz qolmaydi. Davlat o‘zi bermagan hayotni olishga haqqi yo‘q, deb o‘ylayman. Yashash bu tabiiy huquq!
Alisher Qodirovning fikri noto‘g‘ri talqin qilinyaptimi?
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisining mafkuraviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, Alisher Qodirov o‘lim jazosini tiklashni nazarda tutmagan. Uning gaplari noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.
“Bilamizki, Bosh Qomusimizda og‘ir jinoyat sodir etganlar umrbod qamoq jazosiga hukm etilishi belgilangan. Balki, Alisher Qodirov “yashamasligi kerak” iborasi bilan aynan shu moddani nazarda tutgandir. Yoki bundaylardan jamiyatni tozalash kerak deganda aynan ana shu modda xayoliga kelgan bo‘lishi mumkin!
Nazarimda, har qanday holatda, hatto og‘riqli ehtiroslar toshib ketgan taqdirda ham fikr va mulohaza noto‘g‘ri tarjima qilinmasligi kerak. Agar A.Qodirov og‘ir jinoyatlarga nisbatan o‘lim jazosi qayta tiklanishi kerakligini aytmoqchi bo‘lganida, u bu fikrni yaltir-yultur qog‘ozlarga o‘rab o‘tirmay, shartta aytgan bo‘lardi. Har qalay, Alisher Qodirovning bunaqa masalalarda qat’iy ekanini izohlashga hojat bo‘lmasa kerak”, deydi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisining mafkuraviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari.
O‘lim jazosi jinoyatchilikni kamaytiradimi?
Amerika erkin fuqarolari ittifoqi tashkilotining ma’lum qilishicha, jinoyatchilikning oldini olishda o‘lim jazosi uzoq muddatli qamoq jazosiga qaraganda samaraliroq ekanligini ilmiy isbotlovchi tahlillar mavjud emas. AQSHning o‘lim jazosi bekor qilingan shtatlarida jinoyat yoki qotillik darajasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmagan.
2022 yilda dunyo davlatlaridagi jinoyatchilik darajalari ko‘rsatkichida AQSH o‘z qonunchiligida o‘lim jazosini saqlab qolganligi hamda 2021 yilda 11 kishini qatl qilinganligiga qaramasdan, o‘lim jazosi 2000 yildayoq bekor qilingan Ukrainaga qaraganda yomonroq ko‘rsatkichni qayd etgan.
Shuningdek, o‘lim jazosi taqiqlangan Gruziya, Armaniston va Sloveniya davlatlari jinoyatchilik ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘lim jazosi amalda mavjud bo‘lgan Xitoy va Qatardan ko‘ra ancha yaxshi natijalarga erishgan.
Yuqoridagilardan anglashiladiki, o‘lim jazosining joriy etilishi jinoyatchilikning kamayishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Xalqaro Amnistiya tashkiloti (Amnesty International)ning 2022 yil birinchi yarmigacha bo‘lgan statistikasiga ko‘ra, dunyodagi 93 ta davlat qonunchiligida o‘lim jazosi rasman saqlanib turibdi. Shulardan 56 ta davlatda o‘lim jazosi qo‘llanilayotgan bo‘lsa, 29 ta davlat qonunchiligida o‘lim jazosi belgilangan, biroq oxirgi 10 yil ichida bir marta ham bu jazo tayinlanmagan. 8 ta davlatda esa o‘lim jazosi faqat terrorizm va urush jinoyatchilariga nisbatan qo‘llanilishi belgilangan.
O‘zbekistonda o‘lim jazosining bekor qilinishi
O‘zbekistonda 2008 yilgacha o‘lim jazosi bo‘lgan. Birinchi Prezident Islom Karimov tomonidan 2005 yil 1 avgust kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risida”gi farmon bilan 2008 yilning 1 yanvardan jinoiy jazo turi sifatida o‘lim jazosi bekor qilinib, uning o‘rniga umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etilgan.
Konstitutsiya yangilanayotgan paytda, ya’ni 2022 yilda O‘zbekistonda o‘lim jazosini tiklash bo‘yicha takliflar berilgan va o‘shanda ham bu masala turli bahslarga sabab bo‘lgan edi. Og‘ir jinoyatga qo‘l urganlar qatl etilishini istovchilar o‘z fikrini o‘lim jazosi bekor qilingunga qadar go‘yoki jinoyatchilik holatlari kam sodir etilgani bilan asoslagan. Mutaxassislar esa bu gapga qo‘shilmaydi. Yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Farhod Primov intervyularidan birida 2008 yildan keyin jinoyatchilik kamayganini aytib o‘tgan.
“O‘lim jazosi bekor qilinganidan keyin jinoyatchilik soni ko‘payganmi, degan masalani tahlil qilib ko‘rdik. Bilamizki, 2008 yilgacha qasddan odam o‘ldirgan shaxs uchun o‘lim jazosi belgilangan edi. Hozir qasddan odam o‘ldirish holatlari ko‘paydimi? 2008—2021 yilgacha qasddan odam o‘ldirish va qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish holatlari 2 baravar kamaygan. Ha, jazo bekor qilingandan keyin ham kamayish kuzatilgan. Ya’ni o‘lim jazosi oxirgi, malakali yoki samarali yechim hisoblanmaydi. Yana bir jihati, ko‘plab davlatlarda o‘lim jazosi belgilangan. Ammo jinoyatchilik kamayib qolgani yo‘q. Aksincha, ko‘paygan holatlar ham bo‘ladi. Masalan, ba’zi davlatlarda korrupsiya uchun o‘lim jazosi belgilangan. Lekin har yili qanchadan qancha odam mana shu jinoyatni sodir qiladi. Eng muhim masala jazoning qattiqligi emas, jazoning muqarrarligidir”, degan edi huquqshunos.
O‘lim jazosi qonunan bekor qilingan O‘zbekistonda hali jinoyatchiligi isbotlanmay turib, tergov hibsxonalarida o‘lim topayotgan odamlar bor. Biroq shu kungacha biron marta xalq saylagan deputatlardan hukumatning kuchishlatar tizimlarini tiyishga qaratilgan taklif va tashabbuslar chiqmadi. Axir o‘sha o‘ldirilgan insonlarning ham BOLALARI bor. Tergovxonadan olib chiqilgan jasad bilan birga BOLALARNING butun borlig‘i, kelajagi, eng muqaddas tuyg‘ulari ko‘milyapti. Bu bolalarni kim o‘ylaydi? Qachon amaldorlar o‘lim jazosi taklifini ilgari surgani singari oddiy xalq manfaatlarini himoya qiluvchi tezkor tashabbuslar bilan chiqadi? Savollar-ku, ko‘p, ammo javob beradiganlar yo‘q.
LiveBarchasi