O‘lgunicha o‘ynagan va hushidan ketgunicha kulgan odamlar: ular nega bunday qilgan?
Bu qiziq
−
14 mart
4972Tarix hamon tushunarsiz qolayotgan hodisalar bisyorligi va ularning bir qanchasi insonlar orasida sodir bo‘lganiga guvohlik beradi. Ammo bunday odamlar o‘zida kechayotgan holat va uning sababini izohlashga ojizlik qilgan. Shunday hodisalarning eng mashhurlari “O‘lim raqsi” va “Kulgi epidemiyasi”dir. Maqolada turli makon va zamonda sodir bo‘lgan har ikki voqea haqida so‘z boradi.
“O‘lim raqsi”
1518 yilning iyul oyida Muqaddas Rim imperiyasi tarkibidagi (hozir Fransiyaga qarashli) Strasburg shahrida yashovchi Troffea familiyali ayol odamlar qarshisida to‘satdan o‘yinga tushishni boshladi. Uning musiqasiz raqsi atrofdagilarni ajablantirdi. Bir hafta ichida 30 kishi uning yoniga qo‘shilgan bo‘lsa, oradan ko‘p o‘tmay, shahar ko‘chalarida raqsga tushayotganlar soni 400 ga yetdi.
Ba’zi manbalarda keltirilishicha, odamlar shunchalik berilib raqsga tushganki, oyoqlari qonab ketgan. To‘xtamasdan raqsga tushish ko‘pchilikning holdan toyib, hatto halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Bu sirli hodisa “Avliyo Jon raqsi” deb nomlangan, chunki odamlar o‘ynayotgan paytida uning nomini aytib qichqirgan. Manzaradan dahshatga tushgan ruhoniylar bu holatni “shaytonlash” deb qabul qilib, unga qarshi kurash boshlagan: raqsga tushayotganlar olib ketilib, tavba qilishga majburlangan, lekin bu foyda bermagan.
O‘latdan keyingi o‘yin
Zamondoshlarini ajablantirgan bo‘lsa-da, bunday hodisalar o‘sha davr uchun noyob emas edi. XIV-XVI asr qo‘lyozmalari Yevropaning markaziy qismida minglab odamlar to‘satdan raqsga tushish kasalligiga chalingani haqida so‘zlaydi. Ba’zi olimlarning fikricha, bu epidemiyaning kelib chiqishiga Yevropaning eng katta ofatlaridan biri – Qora o‘lat (1340-1350 yillar) sabab bo‘lgan. O‘shanda Yevropaning 60% aholisi ochlik va kasallikdan halok bo‘lgan, ba’zi shaharlar bo‘m-bo‘sh vayronaga aylangan. Odamlar bu dahshatli manzaraga bardosh berolmay, o‘zlarini qiynash orqali gunohlardan poklanishga harakat qilgan.
1360 yilda Bohemiya chegarasidagi Lauzits shahrida ham g‘alati holat yuz berdi: xotin-qizlar “aqlini yo‘qotib”, Muqaddas Maryam haykali oldida raqsga tushishni boshladi. Biroq bu hodisa qisqa davom etdi.
Oradan 14 yil o‘tib, Axen shahri ham shu kabi sirli raqs epidemiyasiga guvoh bo‘ldi. Dastlab odamlar shunchaki quvonch bilan harakat qilayotgandek tuyuldi, lekin tez orada bu holat nazorat qilib bo‘lmaydigan darajaga yetdi. Harakatlar telbanamo holatda bo‘lib, odamlar charchoqni his qilmasdi. Shu sababdan bu kasallik “Xoreomaniya” (yunoncha “raqs” va “telbalik” so‘zlaridan) deb ham ataldi.
“Shaytonlash”
O‘sha davrda tarixchi Petrus de Xerentalning yozishicha, xoreomaniyaga chalingan odamlar shunday ahvolda ediki, ular o‘z uyi, bozor va hatto cherkovlarda ham tinimsiz raqsga tushgan. Boshqa bir tarixchi Bzovs (Bzovius) esa yanada qo‘rqinchli tasvir beradi: “odamlar uyi va jamiyatni tark etib, og‘zidan ko‘pik chiqib, yiqilar, keyin yana o‘rnidan turib, o‘zlarini o‘ldirguncha raqs tushardi. Ayrimlari qattiq tutqanoq tutib halok bo‘lgan”.
Axendagi holatdan bir necha hafta o‘tib, Trir shahri yaqinidagi o‘rmonlarda yanada ajablanarli hodisa sodir bo‘ldi. Bu yerda yig‘ilganlar shunchalik ko‘p ediki, kichik shahar manzarasini eslatar edi. Ular kiyimlarini yechib, boshlariga gulchambar taqib, yana raqs tushishni davom ettirgan. Cherkov vakillari “raqqoslar”ning ichiga “jin kirib olgani”ga ishongan. Jinlarni chiqarish uchun odamlarning ko‘pchiligi qiynoqqa solingan. Bir necha oy o‘tib, epidemiya to‘satdan yo‘qoladi va cherkov vakillari bu o‘z usullari samarasi ekanini aytadi, lekin “raqqoslar”ning ko‘pi allaqachon charchoq va ochlikdan vafot etgandi.
Qanday taxminlar mavjud?
Keyingi besh asr davomida turli fikrlar ilgari surildi. Kimdir raqqoslar sirli diniy sektaning a’zolari bo‘lgan desa, boshqalar ularni asab kasalliklariga chalingan deb hisoblaydi. Ba’zi olimlar fikricha, odamlar o‘zi bilmagan holda psixoaktiv ta’sirga ega ergot mog‘oridan zaharlangan bo‘lishi mumkin. Biroq “raqqoslar” o‘z tanasini nazorat qila olmagan va hatto o‘lib qolmaguncha charchoq ham his qilmagan. Bu esa hodisaning asab tizimiga bog‘liqligi ehtimolini kuchaytiradi.
1518 yilgi epidemiya oldidan Strasburgda o‘lat, ocharchilik va sifilis kasalligi tarqalgan. Bu omillar odamlarning ruhiy holatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Ehtimol, og‘ir turmush sharoiti, stress va ijtimoiy bosimlar bu hodisaning sababidir. Biroq o‘sha paytda Reyn daryosi bo‘yi – Axenda kiyimsiz raqsga tushgan odamlarga nima bo‘lgani hanuz sirligicha qolmoqda.
“Kulgi epidemiyasi”
Insonlar orasida aynan raqs bo‘lmasa-da, xuddi shunga o‘xshash g‘ayritabiiy holatlar hozirgacha kuzatiladi. Masalan, yaqin o‘tmish – 1962 yili Tanzaniya (o‘sha paytda Tanganika) maktablaridan birida “Kulgi epidemiyasi” sodir bo‘ldi. U dastlab qizlar maktabida boshlanib, keyin boshqa hududlarga tarqalgan. Bir necha oy davom etgan bu epidemiyani nazorat qilishning imkoni bo‘lmagani oqibatida 14 ta maktab vaqtincha yopilgan.
Odatda bunday ommaviy psixogen holatlar bitta odamdan boshlanadi. Bu holatda, ehtimol, bir qiz tashvishdan kulgan, keyin bu boshqa o‘quvchilarga yuqib, ularda ham zo‘raki kulgi paydo bo‘lgan. Sekin-asta bu holat maktabdan tashqari boshqa guruhlarga ham tarqalgan. Jabrlanganlar bir necha soatdan 16 kungacha davom etadigan takroriy kulgi va yig‘idan aziyat chekkan, ba’zilari hushidan ketguncha kulgan. Ushbu tutqanoqlar bezovtalik, maqsadsiz yugurish va hatto ba’zan tajovuz bilan ham kechgan, ammo bu holatning aniq jismoniy sabablari topilmagan.
Hammasi psixologikmi?
Hozirda bunday g‘ayritabiiy voqealarni umumlashtirib, psixologik xastalik deyish uchun yetarlicha dalillar bo‘lmasa-da, tadqiqotchilar har ikki holat ham mamlakat boshidan og‘ir kunlar o‘tganida (“O‘lim raqsi”da ocharchilik va o‘lat; “Kulgi epidemiyasi”da esa endigina mustaqillikka erishgan qashshoq jamiyat) sodir bo‘lganini aytmoqda. Inson psixologiyasi kuchli stressni turli tana harakatlari bilan bartaraf etishga urinishi fanga ma’lum, yig‘lash, baqirish, buyumlarni sindirish shular jumlasidan.
LiveBarchasi