O‘ldirilgan “Hizbulloh” yetakchisi vaqtinchalik maxfiy joyga dafn qilindi – OAV
Olam
−
04 Oktabr
355227 sentyabr kuni Isroilning Bayrutga uyushtirgan hujumida halok bo‘lgan Livan “Hizbulloh”ining bosh kotibi Hasan Nasrulloh vaqtinchalik maxfiy joyga yashirincha dafn qilindi. Bu haqda “Sky News Arabia” telekanaliga tashkilotga yaqin manba xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Nasrullohning dafn marosimi Isroil havo hujumi nishoniga aylanishi mumkinligidan qo‘rqib qabul qilingan.
“Hasan Nasrulloh ommaviy dafn marosimini o‘tkazishga imkon beradigan holatlar yuzaga kelguncha vaqtinchalik joyga dafn qilindi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrulloh Isroilning Bayrut chekkasidagi guruhning yerosti qo‘mondonlik markaziga bergan aviazarbalari oqibatida o‘ldirilgani ma’lum bo‘lgan edi. Bundan tashqari, Eron davlat axborot agentligi IRNA xabariga ko‘ra, xuddi shu Isroil hujumida “Hizbulloh”ga yordam berish uchun Erondan Livanga jo‘natilgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni o‘rinbosari, general-mayor Abbos Nilforushan halok bo‘lgan. 29 sentyabr kuni Eron rasmiylari Nilforushanning o‘limiga rasman izoh berdi. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi uning o‘ldirilishi javobsiz qolmasligini aytdi.
Eron 1 oktyabr oqshomida Isroilga yirik raketa hujumi uyushtirdi. Tehron bunga sabab Isroilning Livandagi “Hizbulloh” va Falastinning HAMAS guruhlari nishonlariga bergan zarbalari, shuningdek, ular yetakchilarining o‘limi bilan izohladi. Tehron ko‘zlangan maqsadga erishilganini bildirdi. Isroil rasmiylari o‘qqa tutish muvaffaqiyatli bo‘lgani haqidagi da’volarni rad etib, raketalarning aksariyati urib tushirilganini ta’kidlamoqda. Amerika tomoni ham xuddi shunday baho beradi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eronning harakatlarini katta xato deb atadi va uni javobgarlikka tortishga va’da berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘ldirilgan “Hizbulloh” va HAMAS yetakchilari Isroil “o‘zini himoya qilishga va qasos olishga qanchalik tayyor ekanini tushunmagan va Tehronda buni tushunmaydiganlar haliyam bor”.
Eslatib o‘tamiz, Livan poytaxti Bayrut bugun, 4 oktyabrga o‘tar kechasi yana Isroil havo hujumlariga uchragandi. Bu hujum nishoni 27 sentyabr kuni Isroil tomonidan o‘ldirilgan “Hizbulloh” harakati yetakchisi Hasan Nasrullohning amakivachchasi va ehtimoliy vorisi Hoshem Safi ad-Din bo‘lgan.
LiveBarchasi