Ular mendan 7 ta chempionlikni tortib oldi – Peres
Sport
−
13 may 1345 2 daqiqa
“Real Madrid” prezidenti Florentino Peres hakamlar qarorlari sabab madridliklar bu mavsumda ko‘plab ochkolardan mahrum bo‘lganini aytdi. Bu haqda Peres jurnalistlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
79 yoshli funksionerning ta’kidlashicha, uning davrida madridliklar aslida hozirgidan ancha ko‘proq La Liga chempionligini qo‘lga kiritishi kerak edi.
“Qanday qilib jahlim chiqmasligi mumkin? Men yetti marta La Liga chempionligini qo‘lga kiritdim, ammo bu ko‘rsatkich 14 ta bo‘lishi kerak edi. Ular mendan yettita chempionlikni tortib olishdi. Bu mavsumning o‘zida esa bizdan 18 ochko olib qo‘yishdi. “Rejim ziyolilari” bizga zarar yetkazmoqda”, deydi Peres matbuot anjumanida.
Shuningdek, Peres La Ligani Negrera ishida aybladi va ularga qarshi 500 sahifali dalillar borligini aytib, uni UEFA’ga berish bilan tahdid qildi.
“Bizning yana bir abadiy dushmanimiz bor – La Liga. Biz kurashamiz. Men hamma bilan kurashaman. Negrera ishidagi tizimli korrupsiya? Buni shunchaki unutishimiz kerak, deb qanday ayta olasiz? Biz 500 sahifali hujjat tayyorlayapmiz, uni musobaqa tugagandan so‘ng UEFA’ga yuboraman. Men ular bilan allaqachon gaplashdim. Bu jahon futboli tarixida hech qachon sodir bo‘lmagan. Bu tarixdagi eng katta korrupsiya ishi”, deydi Peres.
Ispaniya chempionatining 35-turidan so‘ng “Real Madrid” 77 ochko bilan turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Madridliklar joriy yilning 10 may kuni Barselonada uchragan mag‘lubiyatdan so‘ng muddatdan avval chempionlikni kataloniyaliklarga topshirgan edi.
Ma’lumot uchun, Peres 2000–2006 yillarda “Real Madrid” prezidenti sifatida faoliyat yuritgan. U 2009 yilda yana ushbu lavozimga qaytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Peres joriy yilda “Real Madrid” prezidentlik saylovini o‘tkazilishini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi