Ukrainadagi urushda bedarak yo‘qolganlar soni 50 mingdan oshdi

Olam

image

O‘tgan yil davomida Ukrainadagi jangovar harakatlar oqibatida bedarak yo‘qolganlar soni ikki baravardan ko‘proq oshib, 50 ming kishiga yetdi. Bu haqda Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga (XQXQ) tayanib, “Reuters” xabar berdi.

“O‘tgan yili XQXQ tomonidan hujjatlashtirilgan bedarak yo‘qolganlar soni 23 ming kishini tashkil qilgan edi. Oradan bir yil o‘tib bu raqam ikki baravardan ko‘proq oshdi: qo‘mita 50 mingga yaqin bedarak yo‘qolish holatini qayd etdi”, deydi XQXQning mojarolar vaqtida bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish bo‘yicha Markaziy byurosi rahbari Dushan Vujasanin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada bedarak yo‘qolganlarning qariyb 90 foizi harbiy xizmatchilar hisoblanadi. XQXQ yo‘qolganlarning milliy mansubligi bo‘yicha statistik ma’lumotlarni keltirmagan. Tashkilot bedarak yo‘qolganlar sonining keskin o‘sishini qayd etgan – bu ko‘rsatkich o‘rtacha oyiga 1000 tadan 5000 tagacha oshgan. Bunga Rossiya-Ukraina urushining har oy yanada shiddatli tus olayotgani va hisobot mexanizmlarining takomillashayotgani (masalan, bedarak yo‘qolganlarning oilalari uchun onlayn hujjatlashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani) sabab bo‘lgani qayd etilgan.

XQXQ Ukrainadagi urushda bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirishni 2022 yil martidan, Rossiyaning to‘liq miqyosli bosqini boshlanganidan beri Markaziy qidiruv byurosi orqali muvofiqlashtirib kelmoqda. Tashkilot Ukraina va Rossiya o‘rtasida xalqaro vositachi sifatida axborot almashinuvini ta’minlaydi.

Ukraina Harbiy asirlar bilan muomala masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtabi ma’lum qilishicha, faqatgina joriy yil yanvar oyida rossiyalik harbiy xizmatchilarning yaqinlari tomonidan bedarak yo‘qolganlar haqida rekord darajada ko‘p so‘rov kelib tushgan. Shtab ma’lumotiga ko‘ra, “Xochu nayti” loyihasi doirasida 2025 yilning birinchi oyida Rossiya harbiylarining yaqinlaridan 8548 ta ariza kelib tushgan – bu dekabr oyiga nisbatan 22 foizga ko‘p va butun loyiha davomida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Loyiha ishlagan davr mobaynida Rossiya harbiylarining bedarak yo‘qolishi bo‘yicha 60 mingdan ortiq so‘rov kelib tushgan. Ushbu raqam halok bo‘lganlarni o‘z ichiga olmaydi va real bedarak yo‘qolganlar sonidan 2-3 baravar kam, chunki u faqat rasmiy murojaatlarga asoslangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zelenskiy urushda qancha askar halok bo‘lganini ochiqlagan edi.  Unga ko‘ra, Rossiya bilan urushda 45,1 ming ukrainalik himoyachi halok bo‘lgan. Rossiya armiyasining yo‘qotishlari taxminan 350 ming kishini tashkil etadi. 50-70 ming kishi bedarak yo‘qolgan, taxminan 600-700 ming kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina bedarak yo'qolganlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing