Ukrainaning YeIga qo‘shilishi geosiyosiy manfaatlarga mos keladi – Berbok
Olam
−
25 noyabr 2023
6242Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning fikricha, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi jamiyatning geosiyosiy manfaatlariga javob beradi. U bu fikrini Karlsruedagi “Yashillar” federal s’ezdida bildirdi.
"Ukraina yaqin kelajakda YeIni mustahkamlashi aniq. Ukrainaning YeIga qo‘shilishi bizning geosiyosiy manfaatlarimizga javob beradi. Shuning uchun biz nafaqat Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettiramiz, balki buni oshiramiz ", deydi Berbok.
U Ukraina kelajakda Yevropa Ittifoqining bir qismiga aylanishiga ishonch bildirgan.
Qayd etish joizki, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen 8 noyabr kuni Yevropa Ittifoqi kengashiga Ukraina bilan hamjamiyatga qabul qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni tavsiya qilishini aytgan. Shu bilan birga, muzokaralarni boshlash tavsiyasi Ukraina bir qator shartlarni bajarishi kerakligiga ishora bilan birga kelgan. Bu qaror dekabr oyida Bryusselda bo‘lib o‘tadigan sammitda hamjamiyat mamlakatlari rahbarlari tomonidan ma’qullanishi rejalashtirilgan edi.
“Reuters” esa Yevropa Ittifoqining yuqori martabali mulozimiga tayanib, bu qaror keyinga qoldirilishi mumkinligini xabar qilgan. Manbaga ko‘ra, ba’zilar “mart oyida bu masalaga qaytaylik” degan iborani ishlatishadi.
Ma’lumot uchun, Germaniya Ukrainaga AQSHdan keyin ikkinchi qurol yetkazib beruvchi hisoblanadi. Ukrainaga Germaniyadan ko‘rsatilayotgan yordamning umumiy miqdori – gumanitar, moliyaviy va harbiy – 25 milliard yevrodan oshdi. 11 noyabr kuni “Bild” gazetasi Germaniya Mudofaa vazirligidagi manbalarga tayanib, Germaniya hukumati Ukrainaga harbiy yordamni keyingi yil 4 milliard yevrodan 8 milliard yevrogacha oshirish niyatida ekanligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 noyabr kuni Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius Kiyevga borgan va tashrif davomida Ukrainaga umumiy qiymati 1,3 milliard yevro bo‘lgan yangi harbiy yordam paketi taqdim etilishi e’lon qilindi.