Ukrainaliklar o‘z yerini bosqinchiga bermaydi – Zelenskiy
Olam
−
09 avgust 8587 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat o‘z hududlarini Rossiya ixtiyoriga o‘tkazmasligini aytdi. Bu haqda davlat rahbari bugun, 9 avgust kuni o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, urushni Rossiya boshlagan va tugatishni ham uning o‘zi bo‘yniga olishi kerak.
“Ukrainaliklar o‘zlariga tegishlisini himoya qilmoqda. Rossiya tomonida bo‘lganlar ham Rossiya yomonlik qilayotganini biladi. Albatta, Rossiya qilgan jinoyatlari uchun mukofotlanmaydi. Ukraina xalqi tinchlikka loyiq. Ammo barcha hamkorlar tinchlik qanday bo‘lishini tushunishi kerak. Bu urush tugatilishi zarur va uni Rossiya tugatishi kerak. Urushni boshlagan ham, barcha muddatlarni e’tiborsiz qoldirib, uni cho‘zayotgan ham Rossiyadir. Muammo shunda, boshqa narsada emas”, deya yozgan Zelenskiy.
Ukraina Prezidenti, shuningdek, Ukraina hech qachon o‘z yerlarini Rossiyaga berib qo‘ymasligini, bu qonunda ham belgilanganini aytgan.
“Ukraina hududi masalasiga javob allaqachon Ukraina Konstitutsiyasida bor. Hech kim bu yo‘ldan chekinmaydi va bunga hech kim qodir bo‘lmaydi. Ukrainaliklar o‘z yerini bosqinchiga bermaydi”, deya yozgan Ukraina rahbari.
Qolaversa, Zelenskiy Ukraina uchun manfaatli bo‘lgan qarorlar qabul qilinishi, tinchlikka eltmaydigan qarorlar inobatga olinmasligini bildirgan.
“Ukraina tinchlik olib kelishi mumkin bo‘lgan haqiqiy qarorlar uchun tayyor. Bizga qarshi bo‘lgan yoki Ukrainasiz qabul qilingan har qanday qaror – bu tinchlikka qarshi qaror demakdir. Ular hech narsaga erishmaydi. Bu o‘likdan ham yomon qarorlar. Ular ishlamaydi. Bizga chin va haqiqiy tinchlik kerak. Odamlar hurmat qiladigan tinchlik. Biz Prezident Tramp va barcha hamkorlarimiz bilan birga haqiqiy, eng muhimi, uzoq muddatli tinchlik uchun ishlashga tayyormiz. Moskva istaklari tufayli qulamaydigan tinchlik uchun”, deya qo‘shimcha qilgan Vladimir Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 15 avgust kuni AQSHning Alyaska shtatida uchrashib, Ukrainadagi urush kelajagini muhokama qilishi haqida xabar berilgandi. Tramp uchrashuv davomida hududlar almashinuvi bo‘lishi haqida aytgan. Oq uy rahbari bu taklif qanday ko‘rinishi haqida batafsil ma’lumot bermagan. Biroq CBS News munozaralardan xabardor manbalarga tayanib xabar berishicha, Oq uy Yevropa yetakchilarini Rossiya Ukraina sharqidagi Donbass mintaqasini butunlay tortib olish va Qrimni saqlab qolishni nazarda tutuvchi kelishuvni qabul qilishga undashga urinmoqda.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr