Ukrainalik askarlar safida jang qilgan bo‘lardim — Alen Delon
Olam
−
25 Sentabr 2022
11407Joriy yilning 23 sentyabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy fransuz ommaviy axborot vositalariga intervyu berdi. Ushbu uchrashuv yakunida Prezident va fransiyalik taniqli aktyor Alen Delon o‘rtasidagi onlayn suhbat namoyish etildi.
Vladimir Zelenskiy so‘zi avvalida Alen Delonga bo‘lgan hurmatini izhor qilib, buyuk aktyor bilan muloqot qilayotganidan xursand ekanini ta’kidlagan. 10 yildan buyon kinoda suratga tushmayotgan Alen Delon maqtovlarga javob berar ekan, “Sizning aktyorlik faoliyatingiz menikidan omadliroq chiqdi, siz Prezidentsiz, men esa hech kim”, degan javobni bergan.
Shundan so‘ng, Ukrainada davom etayotgan urush mavzusi suhbat davomida asosiy planga chiqqan. Fransiyalik aktyor agar 50 yilga yoshargudek bo‘lsa, Ukraina uchun qo‘liga qurol olishga tayyorligini aytgan.
“Siz va sizning xalqingiz hozirda boshdan kechirayotgan og‘ir kunlarga loyiq emas, siz bu voqealarga sabab bo‘ladigan hech qanday yomon ish qilmadingiz. Men bu urushni qabul qilolmayman. Insonlar azob chekayotgani, odamlar, bolalar, jonzotlarning nobud bo‘lishini ko‘rish o‘ta qayg‘uli holat. Agar hozirgiga qaraganda 50 yoshga kichikroq bo‘lganimda, ukrainalik askarlar safida jang qilgan bo‘lardim”, degan 86 yoshli fransuz aktyori.
Vladimir Zelenskiy o‘z so‘zi yakunida nutq ba’zan jang maydonidagi quroldan ko‘ra ko‘proq kuchga ega ekani, mashhur insonlarning qo‘llab-quvvatlashi Ukraina uchun muhimligini aytgan va hamkasbini Ukrainaga taklif etgan.
Ma’lumot o‘rnida, Aktyor Alen Delon 1935 yilning 8 noyabr kuni Fransiyada dunyoga kelgan. 1957 yildan aktyorlik faoliyatini boshlagan. Ijodkor o‘zini teatr, xonandalik, rejissyorlik, prodyuserlik va hattoki ssenaristlikda sinab ko‘rgan. 100 ga yaqin kinofilmlarda rol ijro etgan. Aktyorga “Leopard”, “Qora lola”, “Bizning tariximiz”, “Quyosh yorug‘ida” kabi filmlar muvaffaqiyat keltirgan. Alen Delon o‘zbek tomoshabinlariga “Asteriks olimpiada o‘yinlarida” filmidagi Yuliy Sezar obrazi bilan yaxshi tanish.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr