Ukrainaga ko‘p yer beriladi – Tramp
Olam
−
19 avgust 13817 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina tinchlik kelishuvi ortidan ko‘p yer olishi haqida aytdi. Bu haqda Oq uy rahbari bugun, 19 avgust kuni “Fox News” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Qayd etilishicha, Ukraina “ko‘p yer” oladi, ammo Tramp aynan qaysi hududlar nazarda tutilayotganini ochiqlamagan. U qo‘shimcha ravishda Rossiyani kuchli va qudratli davlatligini aytib, yoqsa-yoqmasa baribir u ancha kattaroq mamlakat ekanini ta’kidlagan.
“Ukraina qutqaruvchi kamarga ega bo‘ladi va ukrainaliklar ko‘p yer oladi! Lekin bu urush. Rossiya – kuchli davlat. Yoqqan-yoqmaganidan qat’i nazar u juda qudratli, kattaroq davlat”, degan AQSH Prezidenti.
Shu bilan birga, Amerika yetakchisi Kiyev uchun Qrimni qaytarib olish ham, NATOga a’zo bo‘lish ham mumkin emasligini ta’kidlagan va “bu ikki masala imkonsiz” deya xulosa qilgan.
Tramp, shuningdek, Ukrainani har doim Rossiya va Yevropa o‘rtasidagi bufer hudud, deb hisoblaganini aytgan. Unga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi rahbarlari ham Kiyevning ayrim hududlarni Rossiyaga berish zaruriyatini tushunmoqda va qabul qilmoqda. Trampning qo‘shimcha qilishicha, hatto SSSR davridayoq Moskva NATO kuchlarini o‘z chegaralari yaqinida ko‘rishni istamagan va o‘shanda ham u xaqli bo‘lgan.
“O‘ylaymanki, siz barchangiz xaritani ko‘rgansiz. Bilasiz, katta hudud bosib olingan. Hozir ular Donbass haqida gapiryapti, lekin, Donbassning 79 foizi Rossiyaga tegishli va Rossiya nazoratida. Shunday ekan, ular bu nimani anglatishini tushunib turibdi”, deya qo‘shimcha qilgan Tramp.
Ma’lumki, Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy avvaldan konstitutsiya sababli yer berish yoki savdo qilish mumkin emasligini aytib, bu masala bo‘yicha faqat Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara qilishini ma’lum qilgan. 16 avgust kuni Alyaskada AQSH va Rossiya o‘rtasida o‘tgan muzokaralardan keyin Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiya besh hudud bo‘yicha yon berganini aytgan, biroq aniq qaysi hududlar ekani ochiqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio kecha, 18 avgust kuni “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishga tayyorligini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Rossiya va Ukraina rahbarlarining uchrashuvini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Live
Barchasi