Ukrainaga qo‘shin kiritishga tayyormiz – Yevropa
Olam
−
18 avgust 8237 2 daqiqa
“Ko‘ngillilar koalitsiyasi”dagi Yevropa hamkorlari Kiyev nazoratidagi hududlarda o‘t ochish to‘xtatilganidan keyin harbiy kuch joylashtirishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda Buyuk Britaniya hukumatining saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, kecha, 17 avgust kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer hamda Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy ishtirokida “ko‘ngillilar koalitsiyasi” yetakchilarining virtual yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.
“Yetakchilar Alyaskada Tramp va Putin uchrashuvidan keyingi qadamlar hamda Ukrainaga ko‘mak masalalarini muhokama qilish uchun yig‘ildi”, deyiladi xabarda.
Uchrashuvda yetakchilar Ukrainani doimiy qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlagan hamda Zelenskiyning adolatli va barqaror tinchlikka erishish yo‘lidagi istagini, shuningdek, uning Vashingtonda Prezident Tramp bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan keyingi maslahatlashuvlarga tayyorgarligini olqishlagan.
“Ular jangovar harakatlar tugaganidan keyin xavfsizlik kuchlarini joylashtirishga, shuningdek, Ukrainadagi havo va dengiz hududining xavfsizligini ta’minlashga va Qurolli kuchlarni tiklashga yordam berishga tayyor ekanliklarini yana bir bor ta’kidladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, qo‘shin kiritish AQSH ilgari surayotgan xavfsizlik kafolatlarining bir qismi bo‘lishi aytilgan.
Qayd etilishicha, Oq uy ushbu tashabbusga haligacha rozilik bildirmagan. Zelenskiy esa bugun, 18 avgust kuni Tramp bilan aynan ushbu masala bo‘yicha ham suhbatlashishi mumkin. Tramp avvalroq Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berishga va’da bergandi, lekin buni aynan qaysi davlat o‘z zimmasiga olishi aytilmagan.
Ma’lumot uchun, Tramp va Zelenskiyning uchrashuvlar jadvali quyidagicha: Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da Yevropa yetakchilari Oq uyga boradi, 22:00 da Tramp Zelenskiyni kutib oladi va 22:15 da ular uchrashuvni boshlashadi. 23:15 da Tramp Yevropa Ittifoqi yetakchilarini qabul qiladi, soat 00:00 da esa umumiy uchrashuv boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Axios” nashri o‘z manbasiga tayanib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Alyaskadagi Rossiya-AQSH sammitida Xitoyni Ukraina xavfsizligining ehtimoliy kafolatlaridan biri sifatida tilga olgani haqida yozgandi. Nashrning yozishicha, bu bilan Putin NATO qo‘shinlaridan iborat xavfsizlik kuchlariga qarshi bo‘lishiga shama qilgan.
Live
Barchasi