Ukrainaga qilingan dron hujumi oqibatida 6 ming kishi elektrsiz qoldi
Olam
−
04 iyul
5798Bugun, 4 iyul kuni yarim tunda Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga Shahed tipidagi dronlar bilan hujum qildi. Oqibatda mamlakat aholisining 6000 nafari elektr ta’minotisiz qoldi. Bu haqda Ukraina Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni, general-leytenant Nikolay Oleshchuk o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Dronlardan biri Chernigov viloyatidagi infratuzilma ob’ektiga urilgan. Keltirilishicha, Kursk viloyatidan uchirilgan 22 ta kamikadze dronlarining 21 tasi Kiyev, Dnepropetrovsk, Jitomir, Poltava, Sumi va Chernigov viloyatlarida urib tushirilgan.
“Kechasi Kiyevga hujum qilishga uringan Shahed-131/136 turidagi barcha dronlar havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan yo‘q qilindi”, deya yozgan Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popko.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Kiyevda qurbonlar va vayronalar yo‘q. Biroq ko‘plab xonadonlar butunlay elektr ta’minotidan ajralgan.
Chernigov viloyati rasmiylari, o‘z navbatida, Rossiyaning Shahed dronlaridan biri mahalliy infratuzilma ob’ektiga borib urilganini ma’lum qilgan.
“Ayni paytda 5963 nafar iste’molchi elektr ta’minotisiz qolmoqda”, deb yozgan viloyat harbiy boshqarmasi boshlig‘i Vyacheslav Chaus ham Telegram sahifasida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, mintaqadagi havo hujumi besh soatdan ortiq davom etgan.
Jitomir viloyatida urib tushirilgan dron qoldiqlari yerga tushishi oqibatida aholi uylaridan biri yonib ketgan. Oqibatda bir ayol jabrlangan va shifoxonaga yotqizilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Kiyev va Ukrainaning boshqa hududlariga raketa va uchuvchisiz samolyotlar bilan hujum qilgandi. Shuningdek, Xitoy Rossiya uchun yangi dron modelini tayyorlayotgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi