Ukrainaga bosqin ortidan Rossiyada ijtimoiy tarmoqlar bloklanmoqda
Olam
−
26 fevral 2022
15608Rossiya Federatsiyasi Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalarni nazorat qilish federal xizmati “Roskomnadzor” mamlakat bo‘ylab Twitter’ni blokladi. Bundan tashqari tashkilot Facebook’ga ham huddi shunday chora ko‘rilishi haqida ogohlantirgan. Bunga sabab qilib Rossiya Ukrainaga hujum boshlanganidan so‘ng, 24 fevral kuni Facebook tarmoq bo‘ylab bir qancha hukumatparast Rossiya axborot agentliklariga nisbatan qo‘ygan cheklovi ko‘rsatilmoqda.
“Roskomnadzor” ga ko‘ra, Facebook Rossiya Federatsiyasi aholisining huquq va erkinlgiga tahdid solmoqda. Tashkilot Facebook’ni Ukrainadagi vaziyat bilan bog‘liq yolg‘on ma’lumotlar tarqatishda ayblagan.
Ammo, Facebook Rossiya axborot agentliklari chiqarayotgan xabarlar ishonchsizligi va kompaniya tarmoq bo‘ylab tarqagan lavhalar ustidan fakt chekingni davom ettirishini bildirgan.
Internet tarmoqlari bilan bog‘liq uzilishlarni tahlil qilib boruvchi “NetBlocks” tashkilotining bildirishicha, hozirda Rossiya bo‘ylab Twitter’ning butunlay bloklangani qayd etilgan, ammo hozircha Facebook va Instagram bundan mustasno ekani aytilmoqda.
“NetBlocks” direktori Alp Tokerning BBC’ga bergan intervyusida ta’kidlashicha, “Rossiya hukumati aynan hozirgi tahlikali, aholi yangiliklardan xabardor bo‘lib turishi kerak bo‘lgan bir vaqtda Twitter’ni bloklagan”.
Bildirilishicha, ijtimoiy tarmoqlardagi cheklovlarni chetlab o‘tish uchun, Rossiya aholisi VPN’dan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.
Hozircha Facebook’ga ham tahdid solib turgan bloklash chorasi META tarkibiga kiruvchi boshqa tarmoqlar Instagram, Messenger va WhatsApp’ga ham ta’sir qilishi noma’lumligicha qolmoqda.
“Roskomnadzor” Facebook’dan hukumatga qarashli RIA Novosti, TV Kanal “Zvezda” hamda Kremlparast “Lenta.ru” va “Gazeta.ru” axborot agentliklariga nisbatan qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashni talab qilgan. Ammo, Facebook Rossiya tomonining bunday talabani hozircha e’tiborsiz qoldirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval “Roskomnadzor” mamalakat bo‘ylab vaziyatni yoritib borayotgan 10 ta ommaviy axborot vositasiga Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyani bosqin, hujum yoki urush deb atashni taqiqlagani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi