Ukrainadagi urush: Baxmut, Avdeyevka va Marinka uchun shiddatli janglar davom etmoqda
Olam
−
28 mart 2023
7865Kecha, 27 mart kuni rus qo‘shinlari tomonidan Donetsk viloyatining Slovyansk shahri infratuzilmasiga qilingan raketa hujumi oqibatida tinch aholi jarohatlandi, qurbonlar bor. Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, shaharga qilingan raketa hujumi oqibatida ko‘p qavatli uylarga zarar yetgan. Xerson viloyatining Berislav shahrida esa rus askarlarining havo hujumi oqibatida fuqarolik ob’ekti zarar ko‘rgan.
Bugun, 28 mart holatiga ko‘ra, Rossiya harbiylari Ukrainaga 24 ta havo hujumi va 12 ta raketa zarbalarini amalga oshirib, bir nechta raketa tizimlaridan 55 ta hujum uyushtirgan.
Keltirilishicha, Rossiya qo‘shinlari havo hujumlarini amalga oshirish uchun 15 ta Shahed-136 zarba beruvchi dronlarini joylashtirgan. Ulardan 14 tasi Ukraina kuchlari tomonidan yo‘q qilingan.
“Rossiya asosiy kuchlarini Limanskiy, Baxmut, Avdeyevka va Marinka yo‘nalishlarida hujum operatsiyalarini o‘tkazishga qaratmoqda. Baxmut, Avdeyevka va Marinka uchun eng shiddatli janglar davom etmoqda”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Ukraina Mudofaa vazirligi Belarus hududida Rossiya qurolli kuchlari bo‘linmalarining jangovar tayyorgarligi davom etayotganini ta’kidlagan.
Ukraina mudofaa kuchlari aviatsiyasi o‘tgan kun davomida Rossiya kuchlari shaxsiy tarkibi to‘plangan hududlarga 9 ta, shuningdek, zenit-raketa tizimiga bitta zarba bergan. Bundan tashqari, Rossiya qo‘shinlarining har xil turdagi 5 ta razvedkachi uchuvchisiz uchish qurilmalari urib tushirilgan.
Ukraina bo‘ylab keyingi raketa va havo hujumlari ehtimoli yuqoriligicha qolmoqda.
LiveBarchasi