Ukrainadagi mojaro Yevropa yuragidagi ochiq yara bo‘lib qolmoqda – Guterrish

Olam

image

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Ukrainadagi mojaro Yevropaning yuragidagi ochiq yara bo‘lib qolayotganini aytdi. Bu haqda u Rossiya-Ukraina mojarosi boshlanganining ikki yilligiga bag‘ishlangan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida so‘z ochdi. 

Guterrishning qayd etishicha, BMT Nizomi va xalqaro huquq dunyoni urushdan himoya qilish uchun “yo‘l xaritasi”ni taqdim etadi.

"Ammo Rossiyaning Ukrainaga to‘liq bostirib kirishi ikkalasini ham buzdi", deydi tashkilot rahbari adolatli tinchlikni ta’minlash vaqti kelganini ta’kidlab.

Hozirgi dunyo tartibini “tartibsiz” deb atagan Guterrish kuchlar muvozanati noaniqligicha qolayotgani, keng tarqalgan beqarorlik va daxlsizlik tuyg‘ularini qoldirishini aytgan.

Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Ukraina xalqining mojaro tufayli azob chekayotganiga e’tibor qaratgan.

“10 mingdan ortiq tinch aholi halok bo‘ldi, shifoxonalar, maktablar, tibbiyot muassasalari va boshqa fuqarolik infratuzilmasi vayron bo‘ldi”, deydi u.

Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, BMT keng ko‘lamli zo‘ravonliklarni qayd etmoqda.

BMT Bosh kotibining ta’kidlashicha, Rossiya armiyasi tomonidan tinch aholi va mahbuslarga nisbatan qiynoq va jinsiy zo‘ravonlik qo‘llanilgani hujjatlashtirilgan.

Guterrishga ko‘ra, ukrainalik oilalar farzandlarini yo‘qotishdan qo‘rqib yashaydi. 

“To‘rt millionga yaqin ukrainalik uy-joyini tashlab ketgan, ularning bir millioni bolalar. Mamlakatda 14 million odam gumanitar yordamga muhtoj”, deydi Antoniu Guterrish.

Shu bilan birga, u mojaro rus xalqiga ham zarar yetkazayotganiga e’tibor qaratgan.

“Minglab rossiyalik yoshlar hozir frontda va mojaroning tarqalish xavfi yuqoriligicha qolmoqda. Mojaro oziq-ovqat narxining oshishiga, iqtisodiy notinchlik va global hayot inqiroziga olib keldi, bu esa rivojlanayotgan mamlakatlarga eng og‘ir ta’sir ko‘rsatdi”, deydi Guterrish.

Bundan tashqari, u mojaro yadroviy xolokostga olib kelishi mumkinligi butun dunyoni xavotirga solmoqdaligini ham qayd etgan.

Ma’lumot uchun, 2022 yil 24 fevralda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin telemurojaatida Ukraina sharqida “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini e’lon qilgan. Shundan beri Ukrainada urush davom etmoqda.

 


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ukraina Antoniu Guterrish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made