Ukrainadagi qishloqqa qilingan hujumda 50 dan ortiq tinch aholi halok bo‘ldi
Olam
−
06 Oktabr 2023 6246 2 daqiqa
Rossiya Ukrainaning Xarkov viloyatidagi Groza qishlog‘iga qilgan hujumi oqibatida 50 dan ortiq tinch aholi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat hokimi Oleg Sinegubov ma’lum qildi.

Uning aytishicha, snaryad Groza qishlog‘idagi kafe va do‘konga tushgan. Hujum sodir bo‘lgan vaqtda kafeda qishloq aholisidan birining dafn marosimi o‘tkazilayotgan bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum “Iskander” raketasi bilan amalga oshirilgan. Politsiya hududdan 37 jasadni aniqlagan.

“Qidiruv ishlari yakunlandi. Zarbada 51 kishi, jumladan, 8 yoshli bola halok bo‘ldi. Uch kishi bedarak yo‘qolgan deb topildi, olti nafar jabrlanuvchi shifoxonada”, deya xabar beradi Xarkov viloyati politsiyasi.

Ispaniyada Yevropa yetakchilari bilan uchrashayotgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa hozirgi holatni terakt deb atagan va Rossiyaga shu va shunga o‘xshash teraktlar faqat bir narsa, “o‘zining genotsid tajovuzkorligini butun dunyoga yoyish” uchun kerakligini aytgan.

“Rossiya terrorini to‘xtatish kerak. Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berganlarning barchasi jinoyatchilardir. Hozirgacha Rossiyani qo‘llab-quvvatlagan har bir kishi yovuzlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Hayotni asrashda bizni qo‘llab-quvvatlayotgan har bir yetakchiga, har bir xalqqa minnatdorlik bildiraman”, deb yozgan Zelenskiy ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozir u Yevropa yetakchilari bilan havo hujumidan mudofaani kuchaytirish, xususan, askarlarni tayyorlash va Ukrainani terrordan himoya qilish haqida gaplashmoqda.
Rossiya tomoni esa vaziyatga izoh bermagan.
Live
Barchasi