Ukrainada jang qilgan ikki samarqandlikning jasadi O‘zbekistonga yuborildi
3-sahifa
−
17 fevral 2023
24930Rossiya-Ukraina urushida “Vagner” safida jang qilgan 2 o‘zbekistonlikning jasadi Samarqandda dafn etildi. Bu haqda “Current Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya Federatsiyasiga muxojir sifatida borgan asli samarqandlik Bobur Abdumo‘minov va Shahriyor Jalolov Ukraina urushida Rossiya uchun qatnashib, halok bo‘lgan. Ularning jasadi joriy yilning 19 yanvar kuni viloyatning Bulung‘ur tumaniga olib borilgan.
Aniqlanishicha, ular “Ukrainadagi urushda vafot etganlik” to‘g‘risidagi hujjat bilan o‘z vatanlariga yuborilishga muvaffaq bo‘lgan ilk o‘zbekistonliklardir.
Ta’kidlanishicha, 23 yoshli Shahriyor Jalolov Rossiyaning qamoqxonalaridan birida xizmat qilgan sobiq mehnat muhojiri hisoblangan. Yaqinlari uning urushda qanday qatnashgani va qanday o‘lganini bilmasligini aytgan. Samarqand viloyati tibbiyot muassasi tomonidan berilgan hujjatda Shahriyor Jalolovning o‘limiga ko‘p qon yo‘qotishi sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan. Yigitning qarindoshlariga tobut bilan birga o‘lim to‘g‘risidagi guvohnoma berilgan. Unda Shahriyor 2022 yilning 16 dekabrida Ukrainaning Donetsk viloyatida vafot etgani qayd etilgan.
Shuningdek, o‘sha kunning o‘zida Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi Qora kamar qishlog‘iga yana bir 26 yoshli Bobur Abdumo‘minovning tobuti keltirilgan. U ham Ukrainada vafot etgan va Rossiyada mehnat muhojiri sifatida bo‘lgan. Yigit sakkiz oy oldin qamoqqa olingan. O‘tgan yili otasi bilan telefon orqali suhbat chog‘ida Bobur pasport muddati o‘tganligi sababli qamoqda bo‘lganini aytgan. Uning yaqinlari Bobur qanday qilib Ukrainada o‘lgani haqida bilmasligini aytgan. Bir necha yil oldin yigit Rossiyaga ishlash uchun ketgan va u yerda turli xil qora mehnat bilan shug‘ullangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Bobur qamoqxonada boshqa mahbuslar singari “Vagner” vakillari tomonidan Ukraina bilan urushga jalb qilingan. Xususiy harbiy kompaniya vakillari Boburga Ukrainada atigi bir oy jang qilsa, u oqlanishini hamda o‘z vataniga uch ming dollar bilan qaytishini va’da qilgan.
Rossiyada muhojirlar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi advokat Botir Shermuhammadning aytishicha, o‘zbekistonlik mahbuslarning jasadlari Rossiyaning Rostov viloyatida to‘planib, keyin O‘zbekistonga jo‘natiladi.
LiveBarchasi