Ukrainada yiliga 4 mln dron ishlab chiqarilishi mumkin
Olam
−
19 noyabr
683Hozirda Ukrainada yiliga 4 million dona dron ishlab chiqarilishi mumkin. Shundan 1,5 milliondan ortig‘i bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Bu haqda Ukrainaning Toshkentdagi Favqulodda va muxtor elchisi Mikolo Doroshenko bugun, 19 noyabr kuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushining 1000-kuniga bag‘ishlangan brifingda so‘z ochdi.
“Texnologiya Ukrainaning g‘alabasi uchun juda muhim. Ukraina mudofaa kuchlari allaqachon uchuvchisiz samolyotlarda ustunlikka erishmoqda. Ukrainaning uchuvchisiz samolyotlardagi ustunligi nafaqat urushni adolatli tugatishga, balki Ukrainani boshqa mamlakatlar uchun xavfsizlikni ta’minlovchi omilga aylanishi mumkin”, dedi elchi.
Uning aytishicha, Ukrainaning uzoq masofali uchuvchisiz samlyotlari allaqachon Rossiyaning 200 dan ortiq harbiy nishonlarini yo‘q qilgan.
“Bizning dronlarni ishlab chiqarish imkoniyatlari doimiy ravishda o‘sib bormoqda va biz nafaqat davlat mablag‘lari, balki hamkorlar bilan ham ishlamoqdamiz. Kelgusi yilda biz dushmanimizdan bir necha barobar ko‘proq dronlarni ishlab chiqaramiz”, dedi Doroshenko.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, Mudofaa sanoati tufayli Ukraina global xavfsizlikning asosiy omillaridan biriga aylanadi. Jang zonasidagi har ikkinchi o‘q-dorilar Ukrainada ishlab chiqariladi.
“Bizning maqsadimiz Ukrainada kuchli mudofaa sanoatini qurish, shuningdek, Ukrainada joylashgan Yevropa mudofaa xabini yaratishdir”, dedi elchi.