Ukrainada spikerni otib o‘ldirishda ayblangan gumondor qo‘lga olindi

Olam

image

Avvalroq Ukrainaning Lvov shahrida mamlakat Oliy Radasining sobiq spikeri Andrey Parubiy otib o‘ldirilgan edi. Ukraina Bosh prokuraturasi Parubiyni o‘ldirishda 52 yoshli lvovlik erkakni aybladi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Rasmiylarga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxsga qasddan odam o‘ldirish va qurolni noqonuniy saqlash moddalari bilan ayblov e’lon qilingan. Prokuratura uni hech qanday garovsiz qamoqda saqlashni so‘ramoqda.

Parubiy 30 avgust kuni otib o‘ldirilgan edi. Unga kamida yetti marta o‘q uzilgani, hujumchi esa kurer niqobida bo‘lgani aytilmoqda. U shaxsini yashirish uchun shlemdan foydalangan va kameralar orqali uni tanishning imkoni bo‘lmagan. 

Ichki ishlar vaziri Igor Klimenko jinoyatning puxta rejalashtirilgani, marhumning harakat yo‘nalishi oldindan o‘rganilganini ma’lum qilgan. Gumondor Xmelnitskiy viloyatida qo‘lga olingan va dastlabki ko‘rsatmalarni bergan.
Marhumning hamkasblari fikricha, qotillik uning siyosiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ba’zilar bu ish ortida “Rossiyaning qo‘li” borligini taxmin qilmoqda, ammo hozircha bu haqdagi aniq dalillar topilmagan. 

Ma’lumot uchun, Andrey Parubiy 2013–2014 yillardagi Yevromaydon namoyishlarini tashkil etishda faol ishtirok etgan. 2014 yilning boshida u Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashiga rahbarlik qilgan, biroq bir necha oy o‘tgach iste’foga chiqqan. 2016–2019 yillarda Parubiy Ukraina Oliy Radasi spikeri lavozimini egallagan. U mamlakat parlamentining VI, VII, VIII va IX chaqiriqlari deputati bo‘lgan, milliy xavfsizlik, mudofaa va razvedka qo‘mitasida ishlagan. 2019 yilda esa unga nisbatan hokimiyat vakolatini suiiste’mol qilish bo‘yicha jinoiy ish ochilgan va Parubiy byudjet mablag‘laridan maqsadsiz foydalanishda gumon qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) polkovnigi Ivan Voronich Kiyevda o‘ldirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Igor' Klimenko Andrey Parubiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing