Ukrainada taniqli siyosiy arbob otib o‘ldirildi (video)
Olam
−
30 avgust 13548 2 daqiqa
Ukrainaning Lvov shahrida Ukraina Oliy Radasining sobiq spikeri Andrey Parubiy o‘ldirildi. Bu haqda viloyat harbiy ma’muriyatining rahbari Maksim Kozitskiy ma’lum qildi.
Ukraina Milliy politsiyasi shaharning bir tumanida sodir bo‘lgan otishma oqibatida 1971 yilda tug‘ilgan “taniqli jamoat va siyosiy arbob” halok bo‘lgani haqida xabar tarqatgan, ammo ular vafo etgan shaxsning ism familiyasini keltirmagan.
Keyinchalik Parubiyning o‘limini Lvov viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy tasdiqlagan. Prezident Vladimir Zelenskiy ham Ichki ishlar vaziri Igor Klimenko va Bosh prokuror Ruslan Kravchenko unga voqea tafsilotlari haqida hisobot berganini ma’lum qilgan va Parubiyning oilasiga ta’ziya bildirgan.
Hodisa yuzasidan tergov boshlangan. Unda Milliy politsiyaning Bosh tergov boshqarmasi, Lvov viloyati politsiyasi, Xavfsizlik xizmati va boshqa idora xodimlari ishtirok etmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘t ochgan shaxs oziq-ovqat yetkazib beruvchi kompaniya kureri bo‘lgan. U otishmadan keyin elektr velosipedda voqea joyidan yashiringan va hozirda qidirilmoqda. Jurnalistlarga ko‘ra, Parubiyga sakkiz marta o‘q uzilgan.
Ma’lumot uchun, Andrey Parubiy 2013–2014 yillardagi Yevromaydon namoyishlarini tashkil etishda faol ishtirok etgan. 2014 yilning boshida Parubiy Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashiga rahbarlik qilgan, biroq bir necha oy o‘tgach iste’foga chiqqan. 2016–2019 yillarda Parubiy Ukraina Oliy Radasi spikeri lavozimini egallagan. U mamlakat parlamentining VI, VII, VIII va IX chaqiriqlari deputati bo‘lgan, milliy xavfsizlik, mudofaa va razvedka qo‘mitasida ishlagan. 2019 yilda esa unga nisbatan hokimiyat vakolatini suiiste’mol qilish bo‘yicha jinoiy ish ochilgan va Parubiy byudjet mablag‘laridan maqsadsiz foydalanishda gumon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) polkovnigi Ivan Voronich Kiyevda o‘ldirilgandi.
Live
Barchasi