Ukrainada prezident sayloviga tayyorgarlik boshlandi – “The Economist”
Olam
−
13 noyabr
9185Ukrainada prezident sayloviga tayyorgarlik boshlandi va uning taxminiy o‘tkazilish sanasi 2025 yilning 25 may kuni. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “The Economist” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, saylovlarga tayyorgarlik allaqachon boshlangan. Xususan, hududiy saylov shtablari ishga tushgan va nomzodlar ro‘yxati tuzilmoqda. Saylovda amaldagi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ehtimoliy raqiblaridan birining vakillari Ukrainaga saylovlar kerakligini ta’kidlayapti. Ammo ular bu masalada jamoatchilik oldida bayonot berishga ikkilanmoqda. Chunki ular davlat rahbariyati bunga keskin munosabat bildirishidan xavotirda.
Nashr tanishgan ichki so‘rov natijalariga ko‘ra, agar hozir saylov bo‘lsa, Zelenskiy yutqazishi mumkin. Chunki Rossiya bosqinidan uch yil o‘tib, xalq uni urush qahramoni sifatida qabul qilmay qo‘ygani aytilmoqda.
Qayd etilishicha, asosiy favorit sobiq Ukraina Qurolli Kuchlari bosh qo‘mondoni, hozirgi kunda Buyuk Britaniyaga elchi etib tayinlangan general Valeriy Zalujniy hisoblanmoqda. Uning siyosiy ambitsiyalari hozircha aniq emas, lekin ko‘pchilik uni prezidentlikka nomzodini qo‘yishga chaqirmoqda. Biroq Zalujniydan tashqari boshqa muxolifat nomzodlari bilan taqqoslaganda, Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlash salmog‘i yuqoriroq.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 20 maydan keyin Vladimir Zelenskiy vakolat muddati tugadi, biroq mamlakat konstitutsiyasining 108-moddasida Prezident yangi davlat rahbari saylangunga qadar o‘z vazifalarini bajarishi kerakligi aytilgan. Keng miqyosli urush boshlanishidan oldin navbatdagi saylovlar 2024 yil 31 martda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, biroq harbiy holat tufayli saylovlar qoldirildi.
LiveBarchasi