Ukrainada allaqachon 10 mingdan ortiq tinch aholi halok bo‘lgan – BMT

Olam

image

Ukrainada ikki yildan beri davom etayotgan Rossiya qurolli bosqini oqibatida 10 mingdan ortiq tinch aholi halok bo‘ldi va 20 mingga yaqin kishi yaralandi. Bu haqda kecha, 22 fevral kuni Jenevada taqdim etilgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi hisobotida ma’lum qilindi. 

Hujjatda qayd etilishicha, Ukrainada tinch aholi qurbonlarining haqiqiy soni ancha ko‘p bo‘lishi mumkin va urush oqibatlari yana ko‘p avlodlar uchun ham seziladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ukrainadagi Inson huquqlari kuzatuvchilari missiyasi tomonidan hujjatlashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, urush oqibatida kamida 10 582 tinch aholi halok bo‘lgan va yana 19 875 kishi yaralangan.

Halok bo‘lganlar orasida 587 nafar bola bor. Ushbu tinch aholining deyarli 4300 nafari yoki 40 foizi 2022 yilning mart oyida – Rossiya bosqinidan keyingi dastlabki haftalarda vafot etgan.

Tinch aholi orasidagi qurbonlarning aksariyati uzoq masofali portlovchi qurollardan vafot etgan.

Ayniqsa, Ukrainaning sharqiy viloyatlarida juda ko‘p tinch aholi halok bo‘ldi, bu yerda 59 ta tibbiyot va 236 ta ta’lim muassasasi vayron bo‘ldi, yana yuzlab muassasalar zarar ko‘rdi.

BMTning boshqa manbalariga ko‘ra, Ukraina aholisining deyarli 40 foizi, ya’ni 14,6 million kishi gumanitar yordamga bog‘langan, yana 2,2 million ukrainalik urushdan qo‘shni davlatlarga qochib ketgan. BMT Ukrainadagi ichki ko‘chirilganlar sonini 3,5 million kishi deb hisoblamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina tinch aholi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing