Ukraina yerlari faqat xalqning roziligi bilan beriladi – Zelenskiy
Olam
−
02 avgust
7561Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan urushni tinch usulda hal qilish doirasida xalqning roziligisiz mamlakat hududini berish niyatida emasligini aytdi. Bu haqda u “Le Monde” gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Ukrainaning hududiy yaxlitligiga oid har qanday muammoni bir Prezident, yagona bir shaxs yoki butun dunyo Prezidentlari Ukraina xalqining ishtirokisiz hal qila olmasligini tushunishingiz kerak”, degan Vladimir Zelenskiy.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina rasmiylari xalqning roziligisiz o‘z hududlarini kimgadir berishga haqqi yo‘q. Uning fikricha, xalqning xohishlarini inobatga olish lozim. Shu o‘rinda, agar mamlakat yerlari shundayligicha beriladigan bo‘lsa, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin buni g‘alaba sifatida qabul qiladi.
Intervyuda Ukraina Prezidenti Rossiyani muzokaralar stolida ko‘rmoqchiligini aytgan.
“Ko‘pchilik davlatlar singari, men ham noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan tinchlik bo‘yicha ikkinchi sammitda Rossiya vakillari ishtirok etishi kerak, deb hisoblayman, aks holda ular qo‘shma reja ishlab chiqishimizga to‘sqinlik qilmasligi kerak”, deydi Zelenskiy.
Ayni shu fonda Ukrainada hududlardan voz kechishga tayyorlar ulushi ortib bormoqda. Harbiy harakatlarni tugatish uchun hududlardan voz kechishga tayyor ukrainaliklarning ulushi so‘nggi bir yil ichida uch baravar oshgan. Sotsiologlar ta’kidlaganidek, 2022 yilning mayidan 2023 yilning mayigacha bo‘lgan davrda vaziyat nisbatan barqaror edi: respondentlarning taxminan 8-10 foizi Rossiyaga hududiy yon berishga tayyor, mutlaq ko‘pchilik – 82-87 foizi esa har qanday imtiyozlarga doimiy ravishda qarshi chiqqan. Biroq, 2023 yilning may va oktyabr oylari orasida Ukraina muvaffaqiyatsiz qarshi hujumni boshlaganida, aholining bir qismidagi bu kayfiyat o‘zgara boshladi. Shunday qilib, 2023 yil oxiriga kelib, imtiyozlar berish istagi 19 foizga, 2024 yilning fevralida – 26 foizga, 2024 yilning may oyida – 32 foizga ortgan.
Shu bilan birga, urushni tugatish uchun hududiy imtiyozlarga qarshi chiqqanlar soni yil davomida 29 foizga - 84 foizdan 55 foizga kamaygan.
Ma’lumot uchun, Ukraina konstitutsiyasining 73-moddasida hududiy o‘zgarishlar faqat umumxalq referendumidan so‘ng amalga oshirilishi mumkinligi qayd etilgan. Konstitutsiyaning 133-moddasida ham barcha hududlar, jumladan, Qrim yarimoroli, Sevastopol shahri va Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlari sanab o‘tilgan. Bundan tashqari, konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish uchun Ukraina parlamentida ko‘pchilik ovoz kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainada aholi orasida tinchlikka erishish uchun Rossiyaga hududiy imtiyozlar berish borasida o‘tkazilgan so‘rovnomada qatnashganlarning 32 foizi tinch-totuv yashash uchun o‘zlari yashab turgan yerlarni Rossiyaga berishga rozi ekanligini bildirgandi.
LiveBarchasi